1-apreldan boshlab Toshkent shahrida issiq suv ta’minotida 2 marta rejalashtirilgan uzilishlar bo‘ladi, deya xabar bermoqda “Veolia Energy Tashkent”.
Qayd etilishicha, tashkilotning mahalliy qozonxonalari faoliyati to‘xtatilishi davomiyligi 2 kun bo‘lib, 1-apreldan 31-maygacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Issiq suv ta’minoti o‘chirilish sanalari va manzillari bu yerda. (Jadval yangilanib boradi)
“Biz ta’mirlash va profilaktika ishlarini, jumladan, klapanlarni almashtirish, tarmoq nasoslarini to‘liq tekshirish hamda almashtirish, elektr ta’minoti tizimlarini tekshirish, qozonxonalarning quvurlari va tegishli jihozlarini demontaj qilish va o‘rnatish, shuningdek, issiqlik almashtirgichlarda profilaktik ishlarni amalga oshiramiz”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 15-apreldan 31-mayga qadar barcha 3 ta issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonaning (“Toshkent issiqlik markazi”, “Toshkent issiqlik elektr markazi”, “Veolia Energy Tashkent”) markaziy qozonxonalari ishi to‘xtatilishi rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, uzilishlar 4 kun davom etadi. Ularning jadvali keyinroq esa e’lon qilinadi.
“Ushbu davr mobaynida biz Toshkent shahridagi issiq suv ta’minoti tizimini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni amalga oshiramiz. “Veolia Energy Tashkent kompaniyasi xodimlari kelgusidagi isitish mavsumida yanada samarali va ishonchli issiqlik ta’minotini yetkazib berish maqsadida eskirgan kommunikatsiyalarni almashtirib, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qiladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.