Senat iqtisodiyotning bir qator tarmoqlari uchun yangi soliq imtiyozlari va tartibga solishni qisqartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan Soliq kodeksiga zargarlik va sanatoriy-kurort sohasiga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi. Bu iqtisodiyotning mazkur tarmoqlarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekistonga olib kirilayotgan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish rejalashtirilmoqda.
Kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritayotgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining dam olish mavsumidan tashqarida uy-joy, dam olish maskanlari sifatida faoliyat yuritishi osonlashadi. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatdan olingan foyda soliqqa tortilmaydi.
Shuningdek, bolalar oromgohlari negizida faoliyat yuritayotgan uy-joylar va dam olish maskanlarini majburiy sertifikatlashdan ozod qilish taklif etilmoqda. “Turizm to‘g‘risida"gi qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar qabul qilinishini ma’lum qildi.
Prezident O‘zbekistonda har yili qazib olinayotgan 100 tonna oltinning atigi 6%i mamlakatimizda qayta ishlanayotganini ta’kidladi.
Avvalroq “Spot” oltinni kechiktirib to‘lash asosida sotib olishda foizsiz muddat taqdim etilishi haqida yozgandi.
Qimmatbaho metallarni birja orqali chegirma bilan sotib oluvchi tadbirkorlarga yangi talablar joriy qilinadi.