“Xiaomi” o‘zining birinchi SU7 elektromobilini taqdim etdi. Hozircha u faqat Xitoy bozorida mavjud.

Elektrokar uchta versiyada taqdim etiladi — Standard, Pro va Max. Asosiy versiyada SU7 5,3 soniyada 100 km/soat tezlikka erisha oladi va bir quvvatlanishda 700 km masofani bosib o‘ta oladi. Max versiyasi uchun maksimal tezlik 265 km/soat, masofa 800 km.

Standard modelning narxi 215 900 yuan ($29 900 yoki 377,5 mln so‘m). Pro versiyasi 245 900 yuanga ($34 060 yoki 430 mln so‘m), Max 299 900 yuanga ($41 540 yoki 524,4 mln so‘m) taklif qilinmoqda.

“Xiaomi” matbuot xizmati “Weibo"da xabar berishicha, sotuvlar boshlanganidan keyin 27 daqiqa ichida 50 mingta oldindan buyurtma olingan.

“Xiaomi” kompaniyasi SU7 modelini Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligiga 2023-yil noyabr oyida taqdim etgandi.

Elektronika ishlab chiqaruvchisi Beijing Automotive Group" (BAIC) bilan birgalikda ishlab chiqarishni tashkil qilmoqda.

Savdoni boshlashdan oldin kompaniya sedanning taxminiy narxini 300 ming yuandan e’lon qildi. Tahlilchilar bozordagi yuqori raqobatni hisobga olgan holda, SU7 220 mingdan 260 ming yuangacha ($30 600 — $36 200) narxda taklif qilinishini taxmin qilishdi.


Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasining “BYD” elektromobillari importini tartibga solishga oid izohlari haqida yozgandi.