Avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini (yarim tirkamalarini) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu bo‘yicha 31-mart kuni O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning tegishli buyrug‘i tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 1-apreldan elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar stavkasi BHMning 1,5 baravari — 510 ming so‘mni tashkil etadi. Qolgan barcha avtomobillar uchun esa bu miqdor BHMning 6,84 baravari — 2 325 600 so‘m etib belgilandi.
Bundan avval, 30-mart kuni IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati e’lon qilgan xabarda aholining yashil energiyada harakatlanuvchi avtomobillar xarid qilishini rag‘batlantirish maqsadida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyoz berilayotgani ma’lum qilingandi.
Qabul qilingan buyruq ekologik vaziyatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning bir qismi ekanligi qayd etilgan.
2023-yilning 1-noyabridan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o‘rniga yangi raqam berishda undiriladigan to‘lovlar miqdori o‘zgartirilgandi.
Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorladi. 1-iyuldan ularga davlat raqamlarini berishni boshlash, 2025-yildan esa davlat raqami bo‘lmagan moped va skuterlarning umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakatlanishini taqiqlash rejalashtirilgan.