Mart oyi boshida avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshirilib, ularga ekologik stikerlar berilishi ma’lum qilingandi.
30-mart kuni atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Joriy yilning 1-iyunidan barcha toifalardagi avtomobillardan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qiluvchi “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Hududlar real ekologik holat, shuningdek, xorij tajribasi va innovatsion texnologiyalar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi. O‘z navbatida, avtomobillar ham yuqoridagi kabi ekologik toifalarga ajratiladi.
“Zararli” avtomobillarga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi. Bundan tashqari, ularning tegishli ekologik zonalar hududida kirishi cheklanadi yoki taqiqlanadi.
“Ekologik transport” tizimini 2024−2026 yillarda Toshkent shahrida, 2026−2028 yillarda hududlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda, jumladan, sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish hamda dam olish maskanlarida joriy etiladi. 2028−2030 yillarda esa boshqa barcha hududlarda amalga oshiriladi.
Ekologik toifasi “zararli” bo‘lgan avtomobillardan ekologik zonalar hududida foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Shu bilan birga, jarima mablag‘lari ekologik holatni yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Avtomobillarni ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida ekologik stikerlar bepul taqdim etiladi. Elektromobillar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan boshqa avtomobillar egalari onlayn murojaatlar asosida diagnostika tekshiruvisiz stiker olishlari mumkin bo‘ladi.
Boshqa avtomobillar quyidagi muddatlarda bepul tekshiruvdan o‘tkazilishi zarur:
- 2027-yilgacha Toshkent shahrida;
- 2029-yilgacha — Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda alohida ekologik zonalarda;
- 2031-yilgacha boshqa barcha hududlarda.
Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda aholiga “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagilariga almashtirish uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritadi.
U, shuningdek, atmosfera havosining ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirishni ham o‘z ichiga olishi kerak.
Avvalroq avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilgani haqida xabar berilgandi. 1-apreldan elektromobillar va mototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 510 ming so‘mni, qolgan barcha transport vositalari uchun esa 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.