Joriy yilning mart oyida iste’mol narxlarining o‘sishi 0,67%ni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
O‘tgan oy inflyatsiya darajasi ketma-ket uchinchi marta so‘nggi besh yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Yil boshidan buyon narxlar o‘rtacha 1,65%ga oshdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yillarda o‘sish 2%dan pastga tushmagan.
Yillik inflyatsiya eng past darajani yangilashda davom etmoqda. Mart oyi oxirida mazkur ko‘rsatkich 7,98%ni tashkil etib, fevraldagi darajadan 0,37%ga kam bo‘ldi.
Oziq-ovqat segmentida oylik narxlarning o‘sishi 0,8%gacha tezlashdi, yillik inflyatsiya esa 7,8%gacha pasaydi. Martda sabzavot va poliz mahsulotlari yana (+4%) ko‘tarildi. Xususan, bulg‘or qalampiri deyarli to‘rtdan biriga, karam esa 8%ga qimmatlashdi.
Boshqa tomondan, yog‘-moy mahsulotlari (-0,7%) va go‘sht (-0,2%) narxlari pasaydi. Oy davomida kungaboqar yog‘i 1,1%ga, banan 4,6%ga, apelsin 5%ga arzonlashdi.
Yillik hisobda eng ko‘p oshgan mahsulotlar meva va yong‘oqlar (+34,4%), sut (+9,4%) va don mahsulotlari (+8,2%) bo‘ldi. Yog‘lar (-10,5%) va sabzavotlar (-8,2%) arzonlashdi, piyoz narxi esa o‘tgan yilgi rekordlardan keyin 2,5 baravar pasaydi.
Martda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxi 0,5%ga oshgan, yillik ko‘rsatkich esa 7,2%gacha pasaygan. Mebel (0,4% va 5,7%), kiyim-kechak (0,4% va 6,3%), poyabzal (0,5% va 5,7%) narxlarining o‘sishi pastligicha qolmoqda.
Maishiy texnika vositalari yil davomida 8,6%ga oshganiga qaramay, mart oyida qimmatlashmagan. Oy davomida elektronika narxlari 0,5%ga oshdi va yil davomida biroz pasaydi.
O‘tgan oyda benzin narxining o‘sishi 0,1%gacha sekinlashdi, propan narxi esa 3,3%ga tushdi. Yil davomida ularning narxi mos ravishda 25,2% va 19,3%ga oshgan.
Martda pullik xizmatlar segmentida inflyatsiya 0,7%ni tashkil etdi, yillik inflyatsiya esa 9,5%gacha tezlashdi. Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari oy davomida 0,5%ga, yil davomida esa 17,9% va 19,5%ga qimmatlashgan.
Shuningdek, Yo‘lovchi tashish narxlari 1,3%ga, yil davomida 14,7%ga, aviachiptalar mos ravishda 2,6% va 11,9%ga qimmatlashdi. Ijara narxlari normal ko‘rsatkichga qaytdi (0,4% va 7,6%).