2024-yilda Sergeli tumani va Chorsu bozori yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilgan. Bu haqda 29-mart kuni “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, transport uzellarida to‘rtta ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish loyihasi davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshiriladi.

“Loyiha katta oqim bo‘lgan joylarda — bu „Sergeli“ va „Chorsu“ [bozori] yaqinidagi hudud juda band bo‘lgan joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Toshkentda daraxtlarni jismonan kesish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘p yer uchastkalari qolmadi, biz ulardan bepul joylarni tanladik”, — dedi vazir.

Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, metro bekatlari yonida ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladi, bu esa aholiga shaxsiy avtomobillarini to‘xtash joylarida qoldirib, jamoat transportiga o‘tish imkonini beradi.

Joriy yilda Transport vazirligi Chorsu hududidagi yo‘l harakatini tartibga solishga e’tiborni kuchaytiradi, deya qo‘shimcha qildi u.

O‘tgan yilning fevral oyida prezident jamoat transportini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Uning doirasida to‘rtta ko‘p qavatli avtoturargoh qurish rejalashtirilgan edi.

Ularning qurilishini respublika va mahalliy budjetlar daromadlarining rejalashtirilganidan ortiq qismi hisobiga maxsus davlat organi o‘z zimmasiga olishi kerak edi.

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev iyun oyida poytaxt saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida poytaxtning beshta kirish qismida va eng gavjum oltita metro bekatida to‘xtash joylari qurishga va’da bergandi.

Mart oyida Toshkentning yo‘l infratuzilmasini boshqarish uchun Yo‘l harakati boshqaruvi markazini yaratish rejalari e’lon qilingandi.

Markaz yangi pullik avtoturargohlar yaratish va elektromobillar uchun quvvat olish infratuzilmasini o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilgani haqida yozgandi.

1-apreldan elektromobillar va mototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 510 ming so‘mni, qolgan barcha transport vositalari uchun esa 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.