Andijondagi “metan zapravka” narxlarni oshirgani uchun gaz ta’minotidan uzib qo‘yildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 2-aprel kuni viloyatning Izboskan tumanida joylashgan “B.I.M” MChJga qarshli AGTKSh asossiz ravishda narxni oshirganligi haqida murojaat kelib tushgan. Holat inspeksiyaning hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Natijada, mazkur gaz “zapravka” mas’ullari ogohlantirilishiga qaramasdan sun’iy ravishda narxni oshirganligi aniqlandi.
Korxonaning noqonuniy faoliyatiga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, tabiiy gaz tarmog‘idan ajratildi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda.
1-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “metan zapravka"larda gaz narxi 3 800 so‘mga ko‘tarilgani, bu hukumat tomonidan ilgari belgilangan maksimal narxdan sezilarli darajada yuqori ekanligi haqida xabarlar tarqaldi.
O‘rganishlar natijasida, Farg‘ona, Surxondaryo va Andijon viloyatlaridagi AGTKShlarda yuqoridagi holat kuzatilgani ma’lum bo‘ldi.
Hukumatning 30-mart kuni qabul qilingan qarori bilan AGTKShlarda tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 1-iyungacha bir kub metr uchun 3 350 so‘m etib belgilangandi.
Avvalroq ayrim fuqarolarga benzin uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirilgani haqida xabar berilgandi.