Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun onlayn ariza jo‘natish imkoniyati mavjud.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun shaxsiy hisobga ega bo‘lish zarur.

Arizalarni portal orqali topshirganda xizmatdan foydalanish narxi — 30 600 so‘m (BHMning 0,09 barobari)ni tashkil etadi.

Dastlab, my.gov.uz platformasidan OneID bilan shaxsiy hisobga kirib, “Transport” sahifasi tanlanadi. Unda “Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash uchun ariza yuborish” xizmati mavjud.

Ariza shakli to‘ldiriladi va vakolatli organga tegishli hujjatlar ilova qilingan holda yuboriladi.

Vakolatli organ ilova qilingan hujjatlarni tekshiradi va arizachiga imtihonlarga kirishi yuzasidan xabarnoma yuboradi. Xizmat ko‘rsatish muddati 3 kunni tashkil etadi.

Arizachi 12 oy davomida avtomobil boshqargan bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasini imtihonlarsiz tiklashi mumkin. Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • avtomobilning ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi guvohnomasi;
  • ishonchnoma yoki ijara shartnomasi (mavjud bo‘sa);
  • majburiy sug‘urta polisi.
  • ishxonadan ma’lumotnoma (haydovchilik bilan shug‘ullansa).

Agar 12 oy davomida avtomobil boshqarmagan bo‘lsa, 083 tibbiy ma’lumotnoma hamda o‘quv maktabini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etib, nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tish lozim.

Portalda mazkur xizmatdan foydalanishni tanlagach, quyida keltirilgan amallar ketma-ket bajariladi.

Birinchi sahifada fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari — shaxsiy identifikatsion va telefon raqami, manzili, pasport seriyasi va raqami avtomatik shakllanadi. So‘ng, qaysi toifa bo‘yicha ariza berilayotgani belgilanadi.

haydovchilik guvohnomasi, qo'llanma, yagona portal

Keyingi qadamda oxirgi 12 oy davomida avtomobilni boshqarishda ishlatilgan hujjatlar fayl shaklida yuklanadi. So‘ng, hudud va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda imtihon topshirish punkti belgilanadi.

haydovchilik guvohnomasi, qo'llanma, yagona portal

Keyin, haydovchilik guvohnomasi necha marta almashtirilgani va avtomototransportni boshqarish uchun vaqtinchalik ruxsatnoma zarurligi belgilanadi.

haydovchilik guvohnomasi, qo'llanma, yagona portal

Shuningdek, tibbiy maʼlumotnoma va haydovchilarni tayyorlash o‘quv maktabini bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat fayl shaklida joylanishi kerak. Ma’lumotlarni kiritgach, keyingi qadamga o‘tib to‘lovni amalga oshirish kerak.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq “Spot” xorijiy davlatlarda qonuniy ishlash uchun hujjatlarni qanday topshirish haqida qo‘llanma taqdim etgandi.