Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston xorijdan 3502ta elektromobil olib keldi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada, import hajmi 2023-yilning shu davriga nisbatan 4 barobarga, 2022-yilga nisbatan esa 15 baravardan ortiqroqqa oshdi.

Import qilingan elektromobillarning umumiy qiymati $85,7 mlnni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 3,2 barobarga ko‘pdir.

Yil boshidan buyon jami 7ta davlatdan elektromobillar olib kelingan. Xitoy eng ko‘p yetkazib beruvchi sifatida yetakchilik qilmoqda.

Dastlabki ikki oyda mamlakatdan jami 3 479ta elektromobil import qilingan. Bu jami hajmning 99%dan ortig‘ini tashkil etadi.

Shuningdek, BAA 8ta elektromobil bilan ikkinchi o‘rinda, Gonkong esa 5ta elektromobil bilan birinchi uchlikni yakunladi.

So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35%i yoki qariyb 25 mingtasini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

2023-yilning 10 oyi davomida xorijning 19ta davlatidan qiymati $582,3 mlnlik 22 492ta elektromobil olib kelingan. Xitoy eng ko‘p elektromobil import qilingan mamlakat sifatida yetakchilikni saqlab qoldi — 20 642ta.

Prezidentning mart oyida qabul qilingan qarorida bilan “BYD” elektromobillarini mamlakatga olib kirishni tartibga solish topshirilgan. Tegishli takliflar 1-iyulgacha ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Xususan, investor hukumatga mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagan, rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgan.

Undan keyin, Raqobat qo‘mitasi bu bo‘yicha aniq fikr bildirishga hali erta ekanligini hamda muvozanatli qaror qabul qilinishini bildirdi.