“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan uchta viloyatdagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida gaz narxini oshirib yuborish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
1-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “metan zapravka"larda gaz narxi 3 800 so‘mga ko‘tarilgani, bu hukumat tomonidan ilgari belgilangan maksimal narxdan sezilarli darajada yuqori ekanligi haqida xabarlar tarqaldi.
O‘rganishlar natijasida, Farg‘ona, Surxondaryo va Andijon viloyatlaridagi AGTKShlarda yuqoridagi holat kuzatilgan ma’lum bo‘ldi.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan “metan zapravka"lar mas’ullariga tushuntirish ishlari o‘tkazilib, gaz narxining 3 350 so‘mdan sotilishi ta’minlandi.
Vazirlik AGTKShlarda tabiiy gaz asossiz ravishda qimmat narxlarda sotilayotgani kuzatilsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishni so‘ramoqda:
- Bosh prokuratura — @EnergonazoratBot va 71−232−10−07;
- “O‘zenergoinspeksiya” — @energoInspeksiya_bot va 71−200−02−86;
- Raqobat qo‘mitasi — 71−207−47−00.
Shuningdek, Energetika vazirligi AGTKSh mas’ullaridan belgilangan talablar asosida faoliyat yuritishni, noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.
Bundan tashqari, vazirlik matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, fuqarolar to‘lov kvitansiyasi mavjud bo‘lsa, “metan zapravka"lardan ortiqcha to‘lagan mablag‘larini qaytarishni talab qilishlari mumkin.
Hukumatning 30-mart kuni qabul qilingan qarori bilan metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati 1-iyungacha uzaytirildi.