Ichki ishlar vazirligi hukumatga chet elliklarning Rossiyaga kirishi, ketishi va qolishi ustidan nazoratni kuchaytiradigan federal qonun loyihasini yubordi, deya xabar berdi “Kommersant” vazirlik vakili Irina Volkga tayanib.

Unga ko‘ra, “Rossiyaga kirish va mamlakatdan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning chiqish shartlari, ularning Rossiya hududida qolish va yashash shartlari to‘g‘risida” federal qonun loyihasi ustida ish olib borilgan va uni ko‘rib chiqish uchun hukumatga yuborilgan.

Loyihaning 2021-yilgi versiyasiga nisbatan yangiliklaridan biri chet elliklarning vaqtinchalik yashash muddatini joriy 6 oy o‘rniga kalendar yil davomida 90 kungacha qisqartirish hisoblanadi.

Takliflar orasida migrantning “yagona hujjati” va “raqamli profili"ni yaratish, majburiy barmoq izlari va “sodiqlik shartnomasi"ni imzolash, shuningdek, “konstitutsiyaviy himoyalangan qadriyatlar"ga tahdid qilingan taqdirda sud qarorisiz deportatsiya qilish imkoniyati mavjud.

“Kommersant” ma’lumotlariga ko‘ra, hukumatda ichki ishlar vazirligining takliflariga konseptual e’tirozlar yo‘q, ammo kelishuvda ishtirok etadigan idoralarda bir qator texnik va huquqiy sharhlar mavjud.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi yarmida xorijliklarga ro‘yxatdan o‘tish uchun 9,1 mln hujjat (shundan O‘zbekiston fuqarolariga 1,6 mln, Tojikiston fuqarolariga 960 ming va Qirg‘iziston fuqarolariga 400 ming) berilgan.

2022-yilda 16,8 mln shunday hujjat berilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 13,3 mlnni tashkil etgan. 2022 yilda berilgan patentlar soni 2021 yildagi 2,2 mlnga nisbatan 2 mlnni tashkil etdi.


Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlarga bitta patent bilan bir nechta hududlarda ishlashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Moliya vazirligi mehnat muhojirlariga bir vaqtning o‘zida bir nechta hududlarda ishlash imkonini beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.