Joriy yilning 1-aprelidan Toshkent aeroportida “Sixt Uzbekistan” brendi ostidagi taksi xizmati ish boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmatlar “Avtobus Rent” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya o‘tgan yili o‘tkazilgan onlayn tenderda g‘olib bo‘lgan.
Taksi xizmati aeroportning uchib kelish zalida joylashgan bo‘lib, yo‘lovchilar kompaniya xodimiga kerakli manzilni aytadi, masofa tarif bo‘yicha hisoblab chiqilib, xizmat haqi e’lon qilinadi.
Yo‘lovchi naqd pul yoki karta orqali to‘lovni kassada yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri mashinada amalga oshirishi mumkin.
“Sixt” taksi xizmatining ayni paytda “Standart”, “Komfort” va “Biznes” tariflari mavjud. Eng minimal narx — 60 ming so‘m. 15-aprelgacha “Komfort” tarifidan “Standart” tarifi narxlarida foydalanish mumkin.
Taksi xizmati parki “Chevrolet”, “Toyota”, “Kia”, “Skoda”, “Hyundai”, “Golden Dragon” va boshqa mahalliy va xorijiy avtomobillardan iborat.
Zarur hollarda yo‘lovchilar 6 dan 19 o‘rindiqgacha ega bo‘lgan mikroavtobuslardan foydalanishlari mumkin.
2023-yilning avgust oyi boshida Toshkent aeroportida 3ta taksi xizmatini ishga tushirish bo‘yicha auksion e’lon qilindi. Biroq, sentabrda “Uzbekistan Airports” mazkur uchta lotni qayta joylashtirdi.
Qayd etilishicha, birinchi auksionlar buyurtmachi tomonidan texnik shartlarga qo‘shimcha va tushuntirishlar kiritilgani sabab o‘tkazilmagan.
Taksi operatorlari Toshkent aeroportining umumiy uchish zali, CIP uchib kelish zali hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining kelish zali uchun alohida tanlanishi belgilangandi.
2022-yili Toshkent aeroportida “Taxi Airport Tashkent” taksi xizmati ishga tushdi. Undan keyin “Uzbekistan Airports” taksi xizmati va “bombilalar” muammosiga izoh berdi.