Toshkent shahrining Amir Temur shoh ko‘chasida joylashgan davlat idoralariga tegishli binolar o‘rnida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbari ishtirokida 3-mart kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda aholi daromadini oshirish bo‘yicha qanday ishlash zarurligi Yunusobod tumani misolida tushuntirildi.
So‘nggi yetti-sakkiz yilda Yunusobodda tumaniga $1,7 mlrd xorijiy investitsiya kiritildi, korxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari 3,5 mingtaga, ish o‘rinlari 20 mingtaga ko‘paydi. 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi, 8 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil qilindi, 3ta oliygoh ochildi.
Yunusobodni chekka qismi bilan poytaxtning markaziy qismidagi mahalla o‘rtasidagi farq juda katta ekani, aholi daromadi va yaratilgan sharoit bo‘yicha vaziyat bir xil emasligi ta’kidlandi.
Masalan, tumandagi ayrim oilalar oylik daromadini faqat kun kechirishga sarflaydi. Ular o‘zi va farzandlari kelajagiga investitsiya kiritish uchun mablag‘ ajrata olmaydi. Iqtisodiy kompleks tashkilotlarida bu borada tahlil yo‘qligi, turli moliyaviy instrumentlar orqali oilalar daromadini oshirishni o‘ylab ko‘rmagani qayd etildi.
Prezident poytaxtdagi 12ta tuman bir-biri bilan tutashib ketgani, iqtisodiy chegarasi yo‘qligi uchun tadbirkorlarga sharoit yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha boshqacha yondashuv kerakligini ta’kidladi.
Banklar filiallari faqat mijoz hisob raqamiga xizmat ko‘rsatmasdan, yirik mijozlar va tumandagi mahallalarni bog‘laydigan ko‘prik bo‘lishi muhimligi qayd etildi.
Banklar zamonaviy fikrlab, faoliyatini kengaytirish hamda aylanma mablag‘ uchun kredit olish va ish o‘rni yaratishga tayyor mijozlar bilan ishlashi, ularni yiriklashtirishga ko‘maklashishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Bank filiallari tadbirkor mijozlarga kredit berayotganda fuqarolarni ishga olish sharti bilan kredit foizini kamaytiradigan tizimni joriy qilish taklif qilindi.
Yangi tizim asosida tadbirkorlar ish o‘rni yaratganidan keyin banklar ularga berilgan kredit foizini tushirib boradi. Hokim yordamchilari esa ishsizlarni tadbirkorni talabi asosida o‘qitadi.
Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar ko‘pligi, ularni qiynaydigan masala tumanda bo‘sh joy topish qiyin ekanligi ta’kidlandi.
Xususan, Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi 7 yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududning o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chaning 6 kilometr qismida 3−4 qavatli 8ta eskirgan davlat idoralari joylashgan.
Bu binolarni qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Xususan, ular o‘rnida yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish obyektlari, ofis va mehmonxonalar qurish mumkin.
Bu kabi loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar maydonda ham amalga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Prezident yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Masalan, yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish, Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3−4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha maydonlarni hosil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Hukumatga unumli foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ular o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlash topshirildi.
Avvalroq Shavkat Umurzoqov rasman Toshkent shahar hokimi etib tayinlandi. U o‘tgan yilning mart oyidan buyon poytaxt hokimi vazifasini bajarib kelayotgandi.