Avvalroq ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etiladi.
Fanlar chet tilini bilish bo‘yicha kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi.
Matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan o‘qituvchilarga tarif stavkasiga nisbatan 100% miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Prezident maktablarining mahalliy o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350% miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Bunda, ustama pedagoglar tomonidan quyidagi shartlarning barchasi bajarilgan taqdirda to‘lanadi:
- Kembridj (Cambridge Assessment International Education) xalqaro ta’lim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni o‘qitish bo‘yicha 3ta (Introductory, Extension, Marking) kursni muvaffaqiyatli tugatish va bu haqida tegishli sertifikat olish;
- Prezident maktablarida kamida 1 yillik ish stajiga va chet tili bo‘yicha kamida C1 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish.
Avvalroq maktablardagi bo‘sh turgan joylar tadbirkorlarga bepul foydalanishga berilishi ma’lum qilingandi. O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilingan tadbirkorlarga soliq va boshqa imtiyozlar beriladi.
Maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.