Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga kredit ajratish tartibi belgilandi.
Joriy yilning 2-aprel kuni aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-aprelidan 2024-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga tegishli tartibda ajratiladi. Bundan asosiy ish joyiga ega shaxslar mustasno.
Xususan, dasturlar doirasida kreditlar 33 mln so‘mgacha ajratiladi. Bir yildan so‘ng qo‘shimcha 50 mln so‘mgacha revolver asosida taqdim etiladi.
Buning uchun esa qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilganligi hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) talab qilinadi.
Mazkur kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yo‘nalishlarida, jumladan, parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona tashkil etishda foydalanish mumkin.
Yer maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 mln so‘mgacha, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni qurish va baliqchilik faoliyatini tashkil etishga esa 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakolatli banklar bilan birgalikda 2024-yilning 1-iyulidan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanish monitoringini va samaradorligini baholash mexanizmini joriy etadi.
O‘tgan yil oxirida prezident “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida o‘z mikro-biznesini yo‘lga qo‘ygan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berishni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.
Fevral oyida baliq boqish uchun garovsiz kreditni 100 mln so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Daryo bo‘ylarida kamida 500ta havza tashkil qilinib, kooperatsiya asosida baliq yetishtiriladi.
Shuningdek, eksportbop mahsulotlar yetishtiruvchilariga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi. Eksportga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga 15 ming gektar yerni auksionga qo‘yish rejalashtirilgan.