3-mart kuni Shavkat Mirziyoyevga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.

Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi xorijga yuborilgan.

Bandlik vazirligi huzuridagi agentlik davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. Agentlik direktori bir vaqtning o‘zida Bandlik vaziri o‘rinbosari hamda mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi rahbari bo‘ladi.

Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi.

Xorijdagi fuqarolar masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “Call-markazlar” tashkil etiladi.

Endilikda “Xorijga ish — mahalladan” tamoyili asosida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi.

Kasbiy malakasi yo‘q va tilni bilmaydigan fuqarolar kasbga o‘qitish va profta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlanadi. Buning uchun agentlikda fuqarolarni xorijiy tillarga o‘rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

Migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplab beriladi. Chet tili bo‘yicha sertifikat olgan fuqaroga sarflagan xarajatining 50%i qoplanadi.

Sayxunobod tajribasi asosida mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga mahsulot yetishtirish va daromad olish uchun moliyaviy ko‘mak beriladi.

Bundan tashqari ularga boshqa turdagi bandlik xizmatlari ham ko‘rsatiladi. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. “Inson” markazlari ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatadi.

Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladi.

Xususan, mazkur tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 mlrd so‘m ajratiladi. Davlat rahbari bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.