Hududlardagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi avtomobil yo‘llari qurilishiga oid rejalar taqdimotida ma’lum qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
Uning doirasida hududlardagi 86ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272ta mahalladagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining $240 mlnlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi.
Qurilish hamda texnik nazorat ishlari to‘liq mahalliy pudratchilar — xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar tomonidan amalga oshiriladi.
Yo‘llar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng, bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatatsiya qilinadi.
Xalqaro ahamiyatdagi M39 “Olmaota — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz” magistral avtomobil yo‘lining 1255−1315 kilometrlarini rekonstruksiya qilinadi. Yo‘lning bu qismi Dehqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan o‘tgan.
Loyiha doirasida 60 kilometr uzunlikdagi yo‘l sement-beton qoplamadan 4 tasmali qilib quriladi. Dehqonobod tumani markazini aylanib o‘tuvchi 17 kilometrlik yangi yo‘l, 14ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etiladi.
Loyiha Islom taraqqiyot banki va OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etiladigan qariyb $154 mln hisobidan moliyalashtiriladi.
Prezidentining o‘tgan yil 10-oktabrdagi qarori bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini qaytadan tuzish vazifasi belgilangan. Tajriba-sinov tariqasida, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatda 20 kilometrdan avtomobil yo‘lini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadigan yo‘llar ro‘yxati tasdiqlangan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi. Davlat rahbari yo‘llarni sifatli qurish, ta’mirlanadigan ko‘chalar bo‘yida daraxtlarni o‘stirish orqali hudud ekologiyasini yaxshilash, qishloqlarda qulay yo‘l-transport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.