Amerikaning “Tesla” kompaniyasi elektromobillar sotuvi bo‘yicha yana xitoylik raqibi “BYD"dan o‘zib ketdi.
Joriy yil yanvar-mart oylarida “Tesla” 386,8 mingga yaqin elektromobil yetkazib bergan. Kompaniya 2024-yilning birinchi choragida 450 ming dona avtomobil sotishni rejalashtirgan edi. Natijada “Tesla” aksiyalarining 5%ga tushishiga olib keldi.
Savdolarning pasayishiga qaramay, “Tesla” 2024-yilning dastlabki uch oyida 300 ming dona avtomobil sotgan “BYD” kompaniyasini ortda qoldirib, elektromobillarning dunyodagi eng yirik sotuvchisiga aylandi.
Qayd etilishicha, sotuv pasayganiga raqobat kuchayganligi va geosiyosiy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan.
Avvalroq Xitoyning “BYD” avtomobil ishlab chiqaruvchisi elektromobillar sotuvi bo‘yicha amerikalik raqibi “Tesla"dan o‘zib ketgandi.
2023-yil oktabr-dekabr oylarida “Tesla” 484,5 mingta elektromobil sotdi, bu Uoll-strit tahlilchilari kutganidan biroz oshib ketdi. Xitoyning “BYD” sotuvi 526,4 ming elektromobilni tashkil etdi.
O‘tgan yilda “BYD” elektromobil ishlab chiqaruvchisi 1,6 mln elektromobil va 1,4 mln gibrid avtomobil ishlab chiqardi. Sotilgan avtomobillarning umumiy soni bo‘yicha brend “Tesla"dan ikki baravar ko‘p bo‘lgan.
Biroq “Tesla” kompaniyasi hali ham to‘liq elektr quvvatiga ega bo‘lgan avtomobillar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turibdi — 1,84 mln.