“Saneg” kompaniyasining Italiyadagi zavodida ishlab chiqarilgan sintetik va yarim sintetik moylari O‘zbekistonga yetkazib berildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
SEG Motol Diesel 10W-40, API CI-4/SL sintetik va yarim sintetik moylari magistral shatakchilar, qurilish, karer va yo‘ltanlamas texnikalarining og‘ir yuklangan dizelli dvigatellari uchun mo‘ljallangan.
Ular Amerika neft instituti (API) CI-4 darajasi hamda Yevropa avtomobil muhandislari uyushmasining (ACEA) E4/E7 darajasi talablariga javob beradi.
Mazkur mahsulotlarda ishlatiladigan sintetik baza yuqori yopishqoqlik indeksini, yeyilishga va oksidlanishga qarshi xususiyatlarni ta’minlaydi. SEG Motol dvigatelni eng og‘ir ish sharoitlarida yeyilib ketishdan himoyalaydi.
“Asosiy strategik maqsadlarimizdan biri — motor, transmissiya va sanoat moylarini o‘z ichiga olgan kengroq turdagi tijorat mahsulotlarini rivojlantirish va bozorga chiqarishdan iborat”, — dedi kompaniya bosh direktori To‘lqin Yusupov.
Uning qayd etishicha, 2023-yili “Saneg” O‘zbekistonda 5,5 ming tonna tijorat moylarini sotgan. Joriy yilda ichki bozorda 10 ming tonnadan ortiq moy sotish rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston bozorining qariyb 8%ini tashkil etishi ta’kidlandi.
Fevral oyida “Saneg” Italiyaning neft va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi “CGC Lubricants Italy” kompaniyasini sotib oldi. Kompaniya yangi texnologiyalar va nou-xaulari O‘zbekistonda moylash materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirishga yordam berishi qayd etildi.
“SEG Motol” bilan kelishuv retsepturalar va texnologiyalar sohasida tajriba almashish hamda FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan bazaviy moylar uchun Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Bitim ikki kompaniya o‘rtasida ilmiy-texnikaviy, tijorat va marketing hamkorligini, shuningdek, boshqaruv, logistika va xarid jarayonlarini integratsiyalashni nazarda tutadi.
Joriy yilda kompaniya Farg‘ona NQIZ ishlab chiqarish liniyasiga 25ta yangi neft mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bular qatorida yengil avtomobillar uchun motor va transmissiya moylari bor.
Avvalroq 2023-yilda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining sof foydasi ikki barobardan ko‘proqqa kamaygani haqida xabar berilgandi.