Tolibjon Olimjonov 1997-yil Jizzax viloyati Forish tumanida tug‘ilgan. 2015-yil Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga o‘qishga kirgan. U yerda ikki yil tahsil olib, 3-kursda “Erasmus” talabalar almashuv dasturi doirasida Italiyaning Turin politexnika universitetida o‘qishni boshlaydi.
U yerdagi 1 yillik o‘qishdan so‘ng, Tolibjon “EDISU” stipendiyasini qo‘lga kiritadi. Italiyada Politecnico di Torino oliygohini tugatib, 2021-yilda shu oliygohning sanoat muhandisligi va menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini oladi.
Hozirda Milan shahridagi “Lear Corporation” kompaniyasida “GM Cadillac” va “Lamborghini” markasidagi avtomobillar salon interyer dizayni bo‘yicha muhandis bo‘lib faoliyat yuritadi.
Nega Italiya?
Yoshligimdan ota-onam xorijda o‘qishimni va bir qancha chet tillarni bilishimni xohlashgan. Lekin, maktabni tugatganimdan so‘ng, boshqa davlatga ketish uchun imkon bo‘lmagan. 2015-yil Toshkentdagi Turin politexnika universitetining mashinasozlik va energetika yo‘nalishiga qabul qilindim.
U yerda dastlab laboratoriyada professor assistenti bo‘lib faoliyat yuritdim, so‘ng talabalarga dars ham berdim. O‘qish davridagi faolligim sabab, meni “Erasmus” almashuv dasturi uchun tavsiya qilishdi.
Bu dastur qatnashchilariga o‘qish to‘lovi, turar joy, aviachipta va tibbiy sug‘urta qoplab beriladi, ta’lim davomida yana bir qancha xarajatlar uchun stipendiya ham beriladi. Grantlar turlari ham bir nechta, masalan, Turinda “EDISU”, Rimda “Laziodisco”, Milanda “DSU”. Bu grantlar talabalarning iqtisodiy holatidan kelib chiqib 7000 yevrogacha stipendiya ajratadi.
Italiyada ta’limni davom ettirishimdan maqsad, bu davlatni nisbatan arzonligi, boy madaniyati, insonlarining mehmondo‘stligi, davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar bo‘lgan.
Universitetga topshirish tartibi
Italiya oliygohlarida 2ta qabul turi bor. Yopiq kirish dasturlariga faqatgina 10 nafar talaba olinadi, qabul esa kirish imtihoni orqali o‘tkaziladi. Bu jarayon bilimni sinovchi testlar va tilni bilish darajasi bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Ochiq kirish dasturlarida past ball to‘plaganlar ham tanlovdan o‘tishi mumkin, ammo qo‘shimcha kurslarga qatnash sharti bilan albatta.
Ro‘yxatdan o‘tish fevralda boshlanib, may oxirigacha bo‘ladi. Talablar mutaxassislik va muassasa turiga qarab farqlanadi. Masalan, tibbiyot sohasiga IMAT yoki TOLC-F imtihonini topshirish lozim, iqtisodiyot uchun TOLC-E, muhandislik yo‘nalishiga esa TOLC-I talab etiladi. Qabulning vaqti va hujjatlar universitet rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Qabul uchun quyidagi hujjatlar topshiriladi:
- Ariza.
- Xorijga chiqish pasporti nusxasi.
- Bakalavr yoki magistr diplomi. Bunda hujjat va baholarning transkripti legallashtirilishi shart, buning uchun elchixona orqali apostil va baholar italyan tiliga tarjima qilinadi.
- DDV guvohnomasi yoki “CIMEA” sertifikati.
- Chet tili sertifikati. Bunda ingliz tilidagi ta’lim uchun 6.0 ballik IELTS sertifikati va 80−90 ballik TOEFL, italyan tilida esa B2 darajasida “CILS” yoki “CELI” sertifikati so‘raladi.
- Motivatsion xat va tavsiyanomalar.
- Ijodiy yutuqlardan iborat portfolio.
Bakalavrga kirish uchun talaba 12 yillik ta’lim olgan bo‘lish kerak, sababi Italiyada bu o‘rta maktabga teng hisoblanadi. Shu sababdan, yetishmayotgan yilni universitetdan akademik sertifikat yoki Italiyadagi “Foundation” dasturida o‘qish orqali qoplashi shart. Bu ta’limga iyun oyi oxirida 9 oylikka, dekabrda 6 oylikka topshirsa bo‘ladi.
Magistraturaga topshirishda mutaxassislik bakalavriat darajasi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Barcha hujjatlar tanlangan universitet sayti orqali topshiriladi. Ariza 1 oydan 3 oygacha ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekistonning Italiyadagi sobiq elchisi Otabek Akbarov (chapdan beshinchi) bilan. Foto: shaxsiy arxiv
Viza olish jarayonlari
Ariza qabul qilingach, pochta orqali taklifnoma jo‘natiladi va u bilan elchixonadan bir yillik talaba vizasini olish mumkin. Yashash ruxsatnomasini Italiyaga kelgan kundan boshlab 8 kun ichida olish kerak.
Viza uchun ham bir nechta hujjatlar talab qilinadi. Bular, anketa, xorijga chiqish pasporti nusxasi, 3,5×4,5 o‘lchamdagi fotosurat, universitetga kirganlikni tasdiqlovchi hujjat va til sertifikati, tibbiy sug‘urta.
Shuningdek, talaba stipendiya miqdori va ta’lim narxini Italiyaga kelganidan keyingina biladi. Shu sababdan, mamlakat va universitet uning to‘lovga qobiliyatli ekanini tasdiqlovchi hujjat so‘raydi. Oliygoh ota-onaning daromadini ham so‘rashi mumkin va hisobda kamida $7000 miqdorida mablag‘ bo‘lishi kerak.
“Erasmus” tashkilotchilari turar joy topishda yordam bermaydi, bu ish talabaning o‘ziga qoladi. “Booking” va “airbnb” saytidan turar joy topish va ijaraga olish mumkin.
Erasmus dasturi haqida
2017-yilda universitet Italiyadagi Turin politexnika universiteti (Politecnico di Torino) bilan birga “Erasmus” dasturida qatnashdi. Unda ishtirok etish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar quyidagicha edi:
- o‘z universitetida kamida ikki yil o‘qigan bo‘lishi;
- chet tilini bilish kamida V2 darajasida;
- akademik natijalar yaxshi bo‘lishi va o‘qish bo‘yicha qarzdorlik bo‘lmasligi lozim.
Dastur yakunida 10 nafar talaba saralab olinib, har bir nomzod bilan suhbat o‘tkazildi. Unda Italiyaga borishdan maqsad nimaligi ham so‘raldi.
Men Italiya tarixi va madaniyatini yanada chuqurroq o‘rganishni, yangi til bilishni, kelajakda foydali bo‘ladigan amaliy ko‘nikma va tajriba orttirmoqchiligimni aytganman.
EDISU stipendiyasi
Italiyaning ko‘plab nufuzli universitetlarida ham bepul o‘qish mumkin. Aksariyat davlatlardan kelgan talabalarga davat hukumati yillik ta’lim to‘lovlari, turar joy va ovqatlanish xarajatlarini qoplaydigan stipendiya ajratadi.
Stipendiya yutib olish uchun zarur hujjatlarni to‘plash va o‘z vaqtida ariza topshirish kerak. Men avgust oyida, 4-kurs boshlanishidan oldin “EDISU” dasturiga ariza topshirgandim.
Stipendiya uchun quyidagi hujjatlar so‘raladi:
- oila a’zolar haqida ma’lumot;
- yashash maydonining o‘lchami va mulkka egalik huquqi to‘g‘risidagi hujjat;
- oilaning barcha a’zolari bank hisoblaridan ko‘chirmalari;
- so‘nggi ikki yil uchun daromadlar to‘g‘risidagi hisobot (agar daromad bo‘lmasa, bu ish bilan ta’minlash xizmatidan ma’lumotnoma yordamida tasdiqlanishi kerak).
Stipendiya tizimi ham uch darajaga bo‘lingan:
Hukumat stipendiyasi. Bunda oilaviy daromadi yiliga 24 ming yevrodan oshmaydigan talabalarga yordam beriladi. Stipendiya bir yillik hisoblanadi. Nomzodlarning fuqaroligi va yoshi bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Ular to‘lovlaridan ozod bo‘lishi bilan birga, yotoqxona bilan 2500 yevro yoki yotoqxonasiz 5000 yevrogacha moddiy yordam va oziq-ovqat nafaqasi oladi.
Regional stipendiya. Italiyaning har bir viloyatida stipendiyalar taqdim etadigan notijorat tashkilotlar bor. Masalan, Piemonte universitetining “EDISU” granti qabul qilingan va o‘qiyotganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Stipendiya barcha o‘qish va yashash xarajatlarini qoplaydi, shuningdek, yordam puli talabaning moliyaviy ahvoli va ilmiy yutuqlariga bog‘liq. Miqdori 7000 yevrogacha boradi.
Universitet stipendiyasi. Deyarli barcha universitetlar chet elliklarga turli stipendiyalar ajratadi. Uning qiymati va davomiyligini oliygohning o‘zi belgilaydi. Masalan, Padova universiteti beshta stipendiya dasturini taklif qiladi. Milan politexnika universiteti 10 ming yevro qiymatidagi 10ta Platinum stipendiyasi, 5 ming yevrolik 56 ta Gold stipendiyasi va 70 ta bepul Silver stipendiyasi taqdim qiladi. Rimdagi Sapienza universiteti magistraturaga o‘qishga kirgan va Italiyadan tashqarida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan iqtidorlilarning har biriga 4000 yevrodan to‘laydi.
Tanlovda qatnashish uchun tasdiqlangan hujjatlar ro‘yxati stipendiya e’lon qilgan tashkilot saytida sentabr-oktabr oylarida paydo bo‘ladi.
Italiyada ta’lim tizimi qanday?
Davlat universitetlarida har yil uchun 600 yevrodan 3000 yevrogacha o‘zgaradigan badal puli to‘lash kerak. Xususiy oliy ta’limlarda esa 6000 yevrodan 20 ming yevrogacha farq qilishi mumkin.
Bakalavriat “Laurea” deb atalib, ta’lim odatda uch yil davom etadi. O‘quv rejasi nazariy mashg‘ulotlar, seminarlar, ma’ruzalar, shuningdek, bitiruv tezisi ustida ishlashdan iborat. Magistratura esa “Laurea Specialistica” deb ataladi va ko‘p hollarda 2 yil davom etadi.
O‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi, birinchisi oktabrdan yanvargacha, ikkinchisi — fevraldan iyungacha davom etadi. Har semestrda ko‘pi bilan 4ta fan beriladi. Ularning har birida taxminan 8tadan kredit bor. Bir semestrda barcha fanlardan talaba 32, butun o‘quv yili uchun esa 60 ball to‘plashi kerak.
Mashg‘ulotlar haftada 4 kun o‘tkaziladi. Talabalar darsga ertalabki 09:00 da keladi va 18:00 dan keyin ketadi. Bir dars o‘rtacha 6 soat davom etadi. Darsning birinchi qismi nazariyaga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchi qismi o‘tilgan materialni amaliyotda mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.
Foto: shaxsiy arxiv
Tanaffusning bo‘lish-bo‘lmasligi professorning kayfiyatiga bog‘liq. Bunday qat’iy rejim orqali talabalar kelajakdagi ko‘p soatlik ish tartibiga moslashadi. Bir o‘quv yilida uchta sessiya olinadi. Birinchi imtihon birinchi semestr oxirida 4ta fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Agar imtihonni o‘tkazib yuborsa yo yiqilsa, keyingi imtihonda tegishli fanni qayta topshirishi mumkin. Agar yana yiqilsa, keyingi o‘quv yili boshida vaziyatni tuzatish uchun uchinchi imkon beriladi. To‘rt martagacha bepul qayta imtihon topshirish imkoni bor.
Talabalarga beriladigan “Mavlud” (Yangi yil) ta’tili 20-dekabrda boshlanadi, yozgisi esa uch oygacha cho‘zilishi mumkin.
Italiya ta’lim tizimi bir qancha farqlarga ko‘ra O‘zbekistonnikidan ustunroq deb bilaman. Birinchidan, mustaqil ta’limga, o‘z-o‘zini boshqarish va tanlov erkinligiga ko‘proq urg‘u beriladi.
Ikkinchidan, sifatli ta’lim olish uchun teng moliyaviy sharoitlar yaratilgan. Universitet oilaning daromad darajasini hisobga oladi, shuning uchun ta’lim xarajatlari talabaning qanchalik ta’minlanganiga bog‘liq. Natijada, daromadi turlicha bo‘lgan odamlarda bir xilda oliy ma’lumot olishi imkoni paydo bo‘lgan.
Uchinchidan, oliygohda o‘qish qulay va samarali bo‘lishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Masalan, o‘qish davrida men ko‘p vaqtimni kutubxonada mutolaa, eng so‘nggi texnologiyalarga ega zamonaviy laboratoriyada izlanishlar bilan o‘tkazdim.
Shu jihatlarni hisobga olib, 2018-yil may oyidan Turinda qolib, bakalavriatni shu yerda tugatishga qaror qildim.
Foto: shaxsiy arxiv
Talabalar hayoti
Bu yerga kelgach, boshida biroz shokka tushdim. Moslashish uchun inglizcha bilishimning o‘zi kifoya qilmasdi, chunki italiyaliklar bu tilni yaxshi bilmaydi. Shunday ekan, agar Italiyada yashamoqchi bo‘lsangiz, oldindan italyan tilini o‘rganishingiz, uni kamida V1 darajasida bilganingiz ma’qul.
Birinchi hafta hujjatlarni topshirish bilan o‘tadi. So‘ng, stipendiya va o‘qishga chegirmalarni hisoblatish, yashash uchun ruxsatnoma hamda stipendiya olish uchun oila daromadi darajasi haqida ma’lumotnoma olish kerak.
Bu ishlarda menga universitetdagi ko‘ngilli talabalar yordam berdi. Shuningdek, biror qiyinchilik bo‘lsa, murojaat qilib, yordam so‘rashdan tortinmaslik kerak.
Italiyadagi ba’zi universitetlar yotoqxona bilan ta’minlaydi. Ko‘pincha, bu zamonaviy kampusdagi oshxona, dush va hojatxonalari umumiy bo‘lgan 2−4 kishilik xona bo‘ladi. U yerning yotoqxonasida yashash oyiga 100 dan 400 yevrogacha tushadi. Ammo faqat yotoqxonaga ishonib qolmaslik kerak, sababi u yerda ham raqobat kuchli va birinchi galda iqtidorli stipendiat-talabalarni turar joy bilan ta’minlashadi.
Aksariyat talabalar esa xususiy yotoqxonalardan joy oladi yoki birgalashib ijara kvartirada yashaydi. Ulardagi sharoit universitet yotoqxonalaridan ko‘ra yaxshi, narxi ham yuqori emas — oyiga o‘rtacha 250 dan 500 yevrogacha. Italiya shimolida turar-joy ijarasi odatda janubiy viloyatlarga qaraganda qimmatroq. O‘qishning birinchi yili men va do‘stim oylik to‘lovi 1000 yevro bo‘lgan kvartirada ijarada yashadik. Ammo to‘rtinchi yilga kelib biz salkam uch barobar arzonroq — oyiga 350 yevrolik variantni topdik.
Foto: shaxsiy arxiv
Shuningdek, har yili 200 soat yoki part-time ishlash huquqi berilgan bo‘lib, o‘zlari xohlagan soha yoki joylarda ishlashlari mumkin. Oylik daromadlari 1000 yevro atrofida bo‘ladi. Lekin bunda Italyan tili talabi juda kuchli.
O‘zim hozirda Milan shahrida “Lear Corporation” kompaniyasida “GM Cadillac” va “Lamborghini” markasida avtomobillar saloni interyer dizayni bo‘yicha muhandis bo‘lib faoliyat yuritaman.
Italiya turmush tarzi
Talabalik yillarim Italiyaning deyarli barcha shaharlarida bo‘ldim, chunki bu yerda sayohat qilish odatiy hayot tarzi hisoblanadi. 100 yevrolik vaucher sotib olib, 5tagacha shaharga safar qilishi mumkin. Xostellarda tunagan yaxshiroq, unda bir xona 10 yevro turadi.
Xaritadagi eng sevimli nuqtalarim Turin, Florensiya va zamonaviy sanoat markazi Milan edi. To‘rtinchi yili do‘stlarim bilan Yevropa bo‘ylab Shveysariya, Germaniya, Ispaniya, Fransiyaga bordik.
Shuningdek, ta’til paytida bir guruh talabalar bilan Vengriya, Avstriya, Belgiya, Niderlandiyada ham bo‘ldik. Mazali va xilma-xil taomlarni tatib ko‘rdim. Turinliklar o‘zining oq vinosi va lazanyasi bilan juda faxrlanadi. Boshqa joylarda 30 xil turdagi pasta, pitsa va dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni totib ko‘rish mumkin. Bu yerda odamlar ko‘chada ovqatlanishdan ko‘ra uyda taom pishirishni afzal ko‘radi.
Foto: shaxsiy arxiv
Maslahat. Italiyaga kelishdan oldin, italyan tilini o‘rganib kelishni maslahat berardim. Undan tashqari, kelish uchun aynan talaba sifatida hamma hujjatlarini o‘zlari internetdan izlanib, o‘rganib ko‘rib tayyorlashlarini tavsiya qilaman. Sababi, bu davlatga kelish hujjatlari yangi katta hayotning shunchaki boshlanishi hisoblanadi. Italiyaga kelib bo‘lgandan keyin hujjatlarni tayyorlashda agentliklar yordam bermaydi.