Janubiy Koreyada O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Mazkur Savdo uyi huzurida ko‘rgazma zali sifatida doimiy faoliyat yurituvchi “shou-rum” ochish ham rejalashtirilgan.
Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar turli tovarlarining keng assortimenti — oziq-ovqat, meva-sabzavot, to‘qimachilik-tekstil, ipak, kimyo, kulolchilik mahsulotlari hamda zargarlik buyumlari namoyish etiladi.
Savdo uyining asosiy vazifalari qatoriga ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning eksport salohiyati va imkoniyatlarini qo‘llab quvvatlash kiradi.
Shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni Janubiy Koreya bozorida targ‘ib qilish va reklama kompaniyalarini tashkil etish belgilangan.
Bozor imkoniyatlarini o‘rgangan holda eksport hajmi va doirasini kengaytirib borish, Koreyada o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
O‘tgan yili Ozarbayjon va Litva poytaxtlarida O‘zbekiston savdo uylari ish boshladi. Xususan, Boku shahrida O‘zbekiston korxonalarining maishiy texnika, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlari namoyish etildi.