O‘zbekiston va Qozog‘iston 15-apreldan elektron ruxsatnoma blankalarini o‘zaro almashishni boshlaydi, deya xabar berdi Qozog‘iston transport vazirligi matbuot xizmati.

Samarqandda “Raqamli transport yo‘laklari” xalqaro forumi boshlandi, unda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari ishtirok etdi.

Qozog‘iston Transport vazirligining raqamlashtirish va davlat xizmatlari departamenti direktori Sergazi Omash avtomobillarda yuk tashishda O‘zbekiston bilan elektron ruxsatnoma shakllariga (E-permit) o‘zaro o‘tish bo‘yicha pilot loyiha haqida gapirdi.

“Biz hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladik va joriy yilning 15-aprelidan boshlab pilot rejimda o‘zaro elektron almashish va elektron ruxsatnoma blankalarini berishni boshlashni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Qozog‘iston Transport vazirligi vakili.

Yanvar oyida prezident xorijda yuk tashuvchilar uchun viza rejimini soddalashtirishni buyurgan edi. Transport vaziri Ilhom Maxkamov logistika masalalari hal etilmagani uchun ogohlantirildi.

Fevral oyi oxirida Qozog‘iston O‘zbekistonga ruxsatnoma blankalari elektron almashinuvini (E-permit) yo‘lga qo‘yishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi.

Majlisning Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aygul Kuspan “raqobat emas, balki bir-birini to‘ldirish” tamoyilini ta’kidladi.

O‘tgan oy Qozog‘iston O‘zbekistonga kirish uchun elektron ruxsatnomalar berilishini e’lon qilgandi. Aprel oyidan boshlab yuk tashuvchilarning arizalarini onlayn tizim orqali ishga tushirish rejalashtirilgandi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan E-permit tizimini ishga tushirishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek, tomonlar transport sohasini raqamlashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.