YUNESKO hamda Polsha hukumati tadqiqot dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda butun dunyodan tashkilotga a’zo mamlakatlarning bakalavr va magistratura darajalarini tamomlagan yoshlari ishtirok etishlari mumkin. Bu ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor.
Loyiha rivojlanayotgan mamlakatlarda inson resurslari salohiyatini rag‘batlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi xalqaro hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Dastur joriy yilning 1-oktabridan 2025-yilning 31-martigacha bo‘lgan muddatda 6 oy davom etadi. Ishtirokchilarga AGH Krakov universitetida fan, texnologiya va muhandislik sohalarida individual tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyati beriladi.
Qabul qiluvchi universitet haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni havola orqali olish mumkin.
Ariza topshirish tartib-qoidalari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun mamlakatlarning YUNESKO milliy komissiyasiga murojaat qilish mumkin. Aloqa ma’lumotlari bu yerda.
Nomzodlardan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- ariza shakli;
- tibbiy ma’lumotnoma;
- fotosurat;
- 2ta tavsiyanoma;
- diplom nusxasi
- til sertifikati.
Bunda bakalavr yoki magistr darajasini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari ingliz tilida taqdim etilishi kerak. Taqdim etilgan darajalar Yevropa Ittifoqi talablari va qoidalariga javob berishi zarur.
Hujjatlar mamlakatlardagi YUNESKOning milliy komissiyasiga topshiriladi. Milliy komissiyasi dasturga nomzod sifatida ma’qullagach, arizani agh.poland@unesco.org, unesco24@agh.edu.pl va j.markiewicz@unesco.pl elektron manzillariga jo‘natish kerak.
Har bir ma’qullangan nomzod havola orqali o‘z ma’lumot varag‘ini 10-maygacha to‘ldirib, jo‘natishi zarur.
Qabul qilingan ishtirokchilarga Polsha hukumati tomonidan quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
- bepul o‘qish;
- bakalavr talabalariga $455 va magistr talabalariga esa $557 miqdorida oylik stipendiya;
- bakalavr uchun $455, magistratura uchun esa $557 miqdorida bir martalik qo‘shimcha to‘lov.
Bir martalik to‘lovlar turli tadbirlar, konferensiyalar hamda seminarlarda ishtirok etish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Barcha yashash va turar joy xarajatlari ishtirokchilar tomonidan qoplanadi.
YUNESKO tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlar:
- borish-qaytish aviachiptalari;
- tibbiy sug‘urta;
- $120 miqdorida bir martalik to‘lov.
Dastur haqida batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Foydali havolalar:
- foydalanish shartlari;
- tadqiqotlar va loyihalar sohalari ro‘yxati va tegishli mezonlar;
- mintaqalar uchun ochiq bo‘lgan tadqiqot/loyihalar ro‘yxati;
- til bilimi sertifikati bilan YUNESKO stipendiyasi uchun ariza shakli.
Avvalroq Italiyaning Padua universiteti stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.