Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifi doirasida “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Zavod 2021-yili “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan. O‘tgan uch yilda “Kia”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.
Loyiha doirasida $234 mln miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1 800ta ish o‘rni yaratildi. Birinchi bosqichda yirik uzelli yig‘uv yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etildi.
Korxona Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Zavodda 30ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33% avtomatlashtirilgan.
Prezident zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, mamlakat sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Xususan, 2024−2027 yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirirish rejalashtirilgan. Mamlakatdagi 21ta korxona bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ish o‘rinlari soni 3 mingga yetkaziladi.
Avtomobillar sifatini oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Vetnamdan malakali mutaxassislar jalb etildi. Joriy yildan dastlab 50 nafar muhandis Koreya hamda Xitoydagi tadqiqot va loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuboriladi.
Oxirgi besh yilda Jizzax viloyatiga $4 mlrddan ortiq investitsiyalar kirib kelgan. 50 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, $861 mlnlik eksport qilingan. Bu yil viloyatda 2 mlrdlik 400ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda 11 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.
Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar $6,1 mlrdlik 50ta loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Ular qatorida tog‘-kon, mashinasozlik, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi sohalardagi loyihalar mavjud. Natijada, qariyb 20ta ming yangi ish o‘rni yaratiladi.
Xitoyning “BYD” kompaniyasi “Jizzax” EIZda avtomobillar ishlab chiqarish loyihasini boshlaydi. Loyihaning umumiy qiymati $160 mlnni tashkil etib, joriy yilda $120 mlni o‘zlashtiriladi.
Uning doirasida Ishlab chiqarish quvvati 50 ming donaga yetkazilib, 1 200ta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, loyiha natijasida budjetga tushumlar 430 mlrd so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Prezident investorlarga loyihalarni amalga oshirishda omad tilab, mutasaddilarga ularning ijrosini alohida nazoratga olishni topshirdi.
2022-yil oxirida “Build Your Dreams” (BYD) va “O‘zavtosanoat” qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. 2023-yilning fevralidan kompaniya O‘zbekistonda avtomobillarni sotishni boshladi.
Undan keyin, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Iyun oyida Xitoy kompaniyasi bilan viloyatda tashkil etilishi belgilangan avtomobilsozlik klasteriga $700 mlnlik investitsiya kiritilishi xabar berildi.
Joriy yil yanvarda davlat rahbari Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi.
Avvalroq prezident BYD elektromobillari importini tartibga solishni topshirgandi. Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda mazkur avtotransport vositalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ko‘maklashadi.