Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida “Basalt Uzbekistan” klasterini borib ko‘rdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Majmua Forish tumanidagi 300 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, umumiy qiymati $498 mln bo‘lgan oltita loyihani o‘z ichiga oladi.

Bu yerda yiliga 177 ming tonna bazalt tosh qayta ishlanib, undan 42 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi.

Klasterda bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 45 ming tonna 554 mlrd so‘mlik mahsulot tayyorlangan.

Ularga dunyoda talab yuqori. Mahsulotlarning 80%i AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri — “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.

Hozirgi paytda $145 mllik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90%i eksportga yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga shu yerning o‘zida $500 mlnlik, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Natijada qo‘shimcha 2 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentning dastlabki binolari qurilishini boshlab bergani haqida yozgandi.

Birinchi bosqichda ikkita OTM kampuslari, kutubxona, teatr, muzey hamda ijod maktablari barpo etiladi.