Rossiyaning “Stroyproyekt” kompaniyasi Toshkentda ishbilarmonlik markazini barpo etadi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
2021-yilning oktabrida Sankt-Peterburg gubernatori rahbarligidagi Rossiya ishbilarmon vakillarining mamlakatga tashrifi davomida Toshkentda ishbilarmonlik markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish taklifi bildirilgandi.
Markazni barpo etishda yer uchastkasidagi va atrofdagi mavjud daraxtlarga ziyon yetkazilmaydi hamda Ekologiya vazirligi bilan birgalikda barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning har biri raqamlanadi.
Shuningdek, markaz DXSh asosida investor mablag‘lari hisobidan barpo etilib, unga $10 mln miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltiriladi.
Bino qo‘shimcha 2 qavatli yerosti avtoturargohi tashkil etiladi. U muqobil va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalar asosida faoliyat yuritadi.
Ishbilarmonlik markazida Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) joylashtiriladi. Kamida 150ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avvalroq koreyalik investorlar Toshkent shahrining 4,7 gektar maydonida $160 mlnlik ko‘p tarmoqli klinika qurishni rejalashtirgani haqida xabar berilgandi.