4-aprel kuni mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Bandlik vazirligi huzuridagi agentlik davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etilib, boshqaruv organiga aylandi. Hukumatning ijro etuvchi tuzilmasida 4 shtat birligidan iborat bo‘lgan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘limi tashkil etiladi.
Shuningdek, Bandlik vazirining o‘rinbosari — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori lavozimi kiritilib, u mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi rahbari ham hisoblanadi.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda 1ta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi kiritiladi.
Joriy yilning 1-iyunidan “Xorijda ish” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplash uchun belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lab beriladi.
Bu quyidagicha amalga oshiriladi:
- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan va sertifikatga ega bo‘lganda BHMning 3 baravarigacha miqdorda — 1 mln 20 ming so‘m;
- “ishchi viza"ni rasmiylashtirish uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda — 1,7 mln so‘m;
- yo‘l chiptasini xarid qilishga — BHMning 2 baravarigacha miqdorda — 680 ming so‘m.
Sug‘urta tashkilotlariga mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi.
Bunda fuqaro “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari"dan biriga kiritilgan bo‘lishi kerak.
Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.
Mart oyi boshida Shavkat Mirziyoyev migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Unda ikki yilda Migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi xorijga ishga yuborilgani aytilgandi.