Avvalroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2024-yilning 1-iyunidan hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

1-sentabrgacha mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun uzluksiz ishlaydigan Call-markaz faoliyati tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi abonentlar qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi. Onlayn ma’lumotlar bazasi O‘zbekistondan chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritadi.

Mobil ilovada esa mehnat migrantlari uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar joylashtirib boriladi. Shu bilan birga, ilova vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va qiyin vaziyatdagi fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beradi.

Joriy yilning 1-iyulidan xususiy bandlik agentliklariga fuqarolarga xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.

1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ishga qabul qilgan kompanilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Biroq, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.

Subsidiya to‘lash uchun fuqaro bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi hamda to‘lovlar 1-iyundan 2026-yilgacha ishga qabul qilinganlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmaganlar tushuniladi.

Shuningdek, 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytib kelganlar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalinganlarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Germaniyaga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Oylik maosh 1800 yevroni tashkil etadi.