Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlarda Rossiya shakar eksportiga 31-avgustgacha taqiq joriy etgani hamda O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi, bu esa ichki bozorda shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, Rossiyaning shakar eksportini cheklashi tanqislikni keltirib chiqarmasligini, shakar ishlab chiqaruvchi zavodlar faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda shakar mahsulotiga bo‘lgan yillik talab — o‘rtacha 650−700 ming tonna. Shundan aholi iste’moli uchun 335 ming tonnani, oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun esa 300−350 ming tonnani tashkil etadi.
“Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ortiq. Bu esa ichki bozorni shakar bilan ta’minlashga yetarli. Mazkur korxonalar tomonidan 2023-yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarildi.
Asosan yirik sanoat korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishda xom-ashyo sifatida foydalanish uchun asosan 762 ming tonna miqdorida (98% shakar) Braziliya va Hindistondan import qilingan.
“Rossiya tomonidan shakar eksportini cheklash O‘zbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi. Yirik shakar ishlab chiqaruvchilar faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emas”, deyiladi xabarda.
Ikkita shakar ishlab chiqaruvchi zavodlar tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilmoqda. Shundan o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilmoqda.
Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarda 4 oylik savdo uchun shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud. Braziliyadan xom-ashyo kirib kelishi davom etmoqda.
“Shunday ekan nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud”, deya keltirilgan vazirlik xabarida.
Shuning vazirlik bu kabi xabarlar har yili mavsum boshlanishidan oldin “qandaydir manfaatdor insonlar va guruhlar tomonidan sizdirilishi"ni qayd etdi.
Mart oyida Rossiya Qishloq xo’jaligi vazirligi YeOIIdagi hamkorlarga shakar yetkazib berish bo’yicha kelishuvlarni bajarish va ichki bozorda barqaror vaziyatni ta’minlash uchun shakar eksportiga vaqtinchalik embargo joriy etishni ma’qulladi.