“UzAuto Motors” kompaniyasi bekor qilingan shartnomalar uchun kontraktatsiya qayta ochilishini eslatib o‘tdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov belgilangan muddatgacha amalga oshirilmasa, mazkur shartnomalar bekor qilinadi. Natijada, chiqarilgan hajm kontraktatsiyaga qayta qo‘yiladi.
Shundan kelib chiqib, kompaniya xaridorlardan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘ramoqda.
Ayni paytda savdo.uzavtosanoat.uz saytida “Labo” uchun kontraktatsiya mavjud.
Mart oyida kompaniya o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan shartnoma tuzish paytida kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Kontraktatsiya vaqti keyinroq e’lon qilinishi ta’kidlandi.
Undan keyin, 29-mart kuni “Labo” uchun kontraktatsiyani ochdi. Shu kunning o‘zida belgilangan 18 ming dona “Labo” uchun shartnomalar tuzildi.
“UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari narxlarini oshirishi hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini ma’lum qilgandi.
Tizim dilerliklarga keyinchalik sotish uchun avtomobillarni xarid qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, dilerliklarga avtomobil uchun tavsiya etilgan chakana qiymat belgilanadi.
Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.