Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishib, zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, mamlakat sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.
Mazkur “ADM Jizzakh” zavodi 2026-yildan gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda zavodning rejalashtirish va rivojlantirish bo‘limi rahbari Alisher Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Joriy yilda zavod ikkinchi bosqichni amalga oshirishni yakunlamoqda, uning doirasida $315 mln sarmoya kiritilib, kompaniya aylanmasi $1,2 mlrdni tashkil etadi. Ayni paytda avtomobil zavodida 4500 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.
“Rivojlanishning uchinchi bosqichi muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda avtomobillar ishlab chiqarish majmuasini yaratish bo‘ladi, ya’ni CKD (mayda uzelli yig‘ish — „Spot“ izohi) asosida gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishni to‘liq o‘zlashtirmoqchimiz — kuzov panellarini shtamplash, payvandlash, bo‘yash va avtomobilni yig‘ish. Bu xuddi hozirgi [Kia] Sonet modeli kabi O‘zbekistonda to‘liq mahalliylashtirilgan avtomobil bo‘ladi”, — dedi Alisher Komilov.
Uchinchi bosqich 2025-yildan 2027-yilgacha amalga oshiriladi. Loyihalar uchun $550 mln sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Ular orasida gibrid va premium avtomobillar, shuningdek, CKD asosida tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish, ilmiy markaz va mahalliylashtirish kompaniyalarini tashkil etish, press sexini qurish, yoritish tizimlari va o‘rindiq karkaslarini ishlab chiqarish bor.
Natijada 2027-yilga borib “ADM Jizzakh"ning tovar aylanmasi 4 barobarga oshib, $4,7 mlrdni tashkil etadi. Shu bilan birga, budjet daromadlari $700 mlnga yetishi kutilmoqda, bu esa avtomobil zavodiga top-5 soliq to‘lovchilar qatoriga kirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, avtomobil zavodi maydoni 170 gektarga kengaytirilib, 10 mingta ish o‘rni yaratiladi. 972 turdagi butlovchi qismlardan 348tasini ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobiga mahalliylashtirish darajasi 30%dan 45%ga oshadi.
Joriy yilgi davlat dasturida dekabrgacha “ADM Jizzakh” korxonasi negizida Janubiy Koreyaning “KІA” brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish belgilangandi.