“Eltech Industrial” texnoparkida ikkita yangi loyihaning qurilish ishlariga boshlandi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Enco Group” kompaniyasi tomonidan hududda $57,5 mlnlik loyiha amalga oshirilmoqda.
Kompaniya yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis trubkalari va izolatsiyalangan mis shinalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Loyiha natijasida 485ta ish o‘rni yaratiladi.
Ikkinchi loyiha “United Cable CO” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning qiymati $20 mlnni tashkil etib, 160ta yangi ish o‘rnini tashkil etish rejalashtirilgan.
Hozir hududni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi podstansiyaning 70% qurilish jarayonlari yakunlanmoqda. Obyektni gaz va suv bilan ta’minlash maqsadida quvurlar yotqizilmoqda.
Joriy yilning yanvbar oyida qabul qilingan prezident qarori bilan “Ohangaron Tech Industrial” texnoparki negizida “Eltech Industrial” tashkil etildi.
Ishlab chiqarishni kengaytirish uchun texnoparkga Ohangaron yaqinidan qo‘shimcha 200 gektar, Parkent tumanidan 10 gektar, Farg‘ona shahridan 10 gektar, Urganch shahridan 4 gektar yer maydoni ajratildi.
Mazkur qaror bilan elektrotexnika mahsulotlarini import qilishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili bo‘lishi belgilandi. Ular orasida suv isitkichlar, changyutgich, dazmol, konditsioner, mikroto‘lqinli pech hamda kir yuvish mashinasi kabilar bor.
Mart oyida davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish mazkur texnoparkda $260 mlnlik loyihalar amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.