9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Hudud sanoatining 80%i 3ta tarmoq — avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari hissasiga to‘g‘ri keladi. Farmatsevtika, charm-sanoat, metallurgiya, mebelchilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarning ulushi juda kam.
Jizzaxning 13ta tumanida iqtisodiy turtki beradigan yangi imkoniyat va zaxiralar aniqlangan. Davlat rahbari imkoniyatlarni Zarbdor tumani misolida tushuntirib, ularni ishga solish uchun 130 mlrd so‘m ajratishni topshirdi.
Mazkur tumanda tadbirkorlar ko‘targan muammolarni hal qilish orqali 5 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. “Zarbdor parranda” korxonasi 12ta mahalladagi 1 mingta xonadonga 1 mln bosh jo‘ja tarqatish orqali aholini bandligini ta’minlashni rejalashtirgan.
Zarbdor tumanidagi “DM-1” kanalidan suv ichadigan Istiqbol, Nurafshon, Namuna, G‘alaba mahallalarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinsa, dehqonlarning 1 ming gektar yerida, tuman yoshlariga bo‘lib berilgan 3 ming gektarda qovun yetishtirish va uni qayta ishlash orqali $28 mln eksport qilish mumkin.
Turkiyalik investor Zarbdordagi “Zarbdor tekstil” korxonasida 1 ming o‘rinli quvvatlarni ishga tushirish va eksportni $50 mlndan oshirishni mo‘ljallagan. Bu yerda hozir 800 kishi ishlaydi.
Mutasaddilarga eksport hajmi $50 mlndan oshgan korxonalarga aylanma uchun $10 mlngacha resurs ajratishni yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.
Zarbdor hududidan o‘tgan Qo‘qon — Jizzax avtomobil yo‘li chetidagi 55 gektar, Yangiobodda 700 gektar eski pistazorlarni yangilab, 5 gektardan aholiga bo‘lib berish taklifi ma’qullandi.
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309ta mahallaga lider tadbirkor — eksportchilar biriktirilishi belgilandi. Eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 50 mln so‘m daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.
Banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratadi. Budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil etishga 1 mlrd so‘mgacha grantlar beradi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturida 33 mln so‘m, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 mln so‘mdan kredit ajratadi.
Kam hosil berayotgan yerlar 50−100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1−5 gektardan lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi. Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini shu yo‘nalishga tortadi.
Buning hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 mln tonnaga, keyinchalik 5 mln tonnaga olib chiqilishi rejalashtirilgan. Natijada, qayta ishlash va eksportni 2−3 barobarga oshirish mumkin bo‘ladi.
Investorlar $28 mln sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna go‘shtni qayta ishlashni, Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 11 mingta xonadonda “Angus” zotli qoramolni ko‘paytirib, sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Sharof Rashidov va Zarbdor tumanida bittadan yirik chorvachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Dronlar yordamida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi yerlarida aniqlangan imkoniyatlarni, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Irrigatsiya tizimlarini yaxshilash maqsadida Janubiy Mirzacho‘l va Tuyatortar kanallarini betonlash bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi.
Xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtikada $4 mlrdlik 22ta loyihani boshlashga tayyor ekani qayd etildi.
Buning uchun quyidagilar tashkil qilinadi:
- Zomin tumanida sanoat texnoparki;
- Zarbdordagi Shodlik mahallasida Jizzax sanoat zonasi filiali;
- Zafaroboddagi Chimqurg‘on mahallasida va Sharof Rashidov tumanidagi Toqchilik mahallasida sanoat zonalari.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida ikkita loyiha qurilishiga start bergandi. G‘allaorol tumanida $500 mlnlik metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi, Forish tumanida $350 mlnlik quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi.