Jizzax viloyatida gibrid va elektromobillar ishlab chiqaruvchi “BYD” avtomobil zavodi joriy yilning iyun oyida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 25-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev va “BYD” prezidenti Van Chuanfu hamkorlikda Jizzaxda elektr va gibrid avtomobillarni yig‘ish loyihasini ishga tushirdi.
Korxona “Jizzax” EIZ hududida joylashadi. Loyiha qiymati $160 mlnga baholanib, shundan joriy yilda $120 mln sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 1200ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mart oyida “BYD” vakili Ivan Cao “ishlab chiqarish liniyasini o‘rnatish va sozlash bo‘yicha ishlar” haqida gapirdi. Birinchi bosqichda uchta rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi. Joriy yilning uchinchi choragida mahalliy ishlab chiqarilgan gibridlar va elektromobillarni ommaviy yetkazib berish rejalashtirilgan, deya qo‘shimcha qildi u.
“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining “Spot” muxbiriga ma’lum qilishicha, qo‘shma avtomobil zavodi mayda uzelli yig‘ish (CKD) yordamida “BYD Chazor” va “BYD Song Plus Dm-1” modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, ishlab chiqarilayotgan elektromobillar soni ortishi bilan mahalliylashtirish darajasi bosqichma-bosqich oshib boradi.
2023-yilning sentabrida “BYD” va “O‘zavtosanoat” “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil etishga kelishdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya bitimi imzolandi.
Birinchi bosqichda Jizzaxdagi zavod quvvati yiliga 50 ming donaga yetkaziladi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu 300 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Prezident mart oyida “BYD” elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga, mahalliylashtirish darajasini esa 60%ga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hukumat “BYD” elektromobillarini O‘zbekistonga olib kirishni cheklashi mumkin. Xitoy kompaniyasi avtomobillarning “tartibsiz” importini kamaytirishni so‘radi.
Avvalroq ADM Jizzax 2026-yildan gibrid va elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.