Andijon viloyatida qiymati 42 mlrd so‘mlik loyihani olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon tumanida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan A.B. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1971-yilda tug‘ilgan X.U. o‘zaro til biriktirib, yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbarining ishonchiga kirishadi.
Ular yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, MChJga Asaka tumanidagi “4R-112” avtomobil yo‘lining 4 km qismiga asfaltobeton qoplamasini yotqizish bo‘yicha loyihani olib bermoqchi bo‘lishadi.
Buning evaziga esa loyiha uchun ajratiladigan 42 mlrd so‘mning 10%ini — 4,2 mlrd so‘m berishini talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.B. so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan $20 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida qariyb 1 mlrd so‘m mablag‘lar talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. O‘quv ta’lim-ta'minot davlat muassasasi bilan “Smart Sales Leader” kompaniyasi tomonidan kerakli elektron vositalar yetkazib berilmagan.