Joriy yilning mart oyida “IT Park” 37ta yangi eksportga yo‘naltirilgan kompaniyani rezidentlikka qabul qildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Ulardan 19tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar bo‘lib, ta’sischilari Yaponiya, Janubiy Koreya, Estoniya va Litva, Hindiston, Gruziya va MDH davlatlari vakillaridir.
Xususan, ular orasida Yaponiyaning kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi “Toybeez” va dasturiy ta’minotni ishlab chiqib, ularga xizmat ko‘rsatuvchi “H and K Goup” kompaniyalari bor.
Mart oyining yangi rezidentlari xorijiy mamlakatlarga $10 mlndan ortiq mahsulot va xizmatlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Faoliyat yo‘nalishlari qatorida IT va BPO xizmatlari, dasturiy ta’minot va o‘yinlarni ishlab chiqish, dizayn hamda multimedia bor.
Asosiy eksport bozorlari AQSh, Yevropa davlatlari, Estoniya, BAA, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va MDH davlatlari bo‘ladi.
Taqdim etilgan biznes-rejaga muvofiq, 19ta yangi xorijiy korxona 1150dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirgan.
Avvalroq Jizzax shahrida Kibersport arenasi ochilgani haqida xabar berilgandi. Unda 12ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona va kafeteriy mavjud.