Toshkentdagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
MHTI mutaxassislari poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi. Tahlil 6-mart va 4-aprel kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilindi.
Natijada 6 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi. Xususan, limon 18,8%, bodring 17,6%, tuxum 17,3%, banan 13,5%, tovuq go‘shti (file) 6,8%, sariq piyoz 5,4% pasaygan.
Shuningdek, 8 nomdagi mahsulotlarning eng past narxi o‘zgarishsiz qolgan. Bular: bug‘doy uni, guruch, grechka, makaron, shakar, karam, margarin, kungaboqar yog‘i.
Yana 7 nomdagi mahsulotlar narxi oshgan. Narxining oshishi bo‘yicha pomidor yetakchi bo‘ldi. Bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq.
Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiyaning shakar eksportini cheklashi O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini bildirgandi. Mamlakatdagi korxonalarda 4 oylik savdo uchun shakar zaxirasi mavjud.