Avstriyaning “Doppelmayr” kompaniyasi Surxondaryo viloyatida 10 mln yevroga osma kanat qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “UzA”.

Surxondaryo viloyati hokimining Vengriyaga tashrifi chog‘ida mahalliy “Denov Oltin Don” kompaniyasi va “European Doppelmayr” kompaniyasi o‘rtasida Sangardak qishlog‘ida havodan o‘tuvchi kanat qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Dara tepasida kuzatuv maydonchasi, yengil konstruksiyali mehmon uylari, restoran, ot va tuya minish, sport, oilaviy sayr qilish, selfi, o‘yin va raqslar uchun maydonlar quriladi.

Yaqin kunlarda 1200 metrli kanat yo‘li qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Loyiha joriy yilda foydalanishga topshiriladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati uch kunlik tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati $124,2 mlnlik 18 ta hujjat imzolangani haqida xabar berdi.

Ular orasida oltita hamkorlik shartnomasi, to‘qqizta investitsiya va uchta import shartnomasi bor.

Kompaniya haqida:

“Doppelmayr/Garaventa Group” — bu Avstriya-Shveytsariya guruhi bo‘lib, kanatlar va ularning jihozlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Bugungi kunga qadar “Doppelmayr Garaventa” 89 mamlakatda o‘rnatilgan 14 600 dan ortiq turli xil uskunalarni ishlab chiqardi.

“Doppelmayr/Garaventa Group” 2002-yilda Avstriyaning “Doppelmayr” va Shveysariyaning “Garaventa AG” kompaniyasi bilan birlashganda, eng yirik kanat yo‘llari ishlab chiqaruvchisi sifatida tashkil etilgan.


Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyalari Jizzax viloyatida $350 mlnga quyosh elektr stansiyasini qurishini yozgandi.