Mart oyida Markaziy bank 1ta bank va 1ta mikrokredit tashkilotiga nisbatan ogohlantirish berdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 33ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Masalan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 25ta masala ko‘rib chiqilgan.
Xususan, ulardan 10tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 9tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 1tasi mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish va hisob ro‘yxatdan o‘tkazish borasida bo‘lgan.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir (8ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlarida Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari muhokama qilindi.
Amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga to‘liq rioya qilinishini ta’minlamagan 1ta bank va 1ta mikrokredit tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Tegishli tartibda litsenziya olgan hamda bir yil davomida o‘z faoliyatini amalga oshirmagan 1ta to‘lov tizimi operatorining faoliyati 6 oyga cheklandi.
Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, mavjud zaifliklarni bartaraf etish va banklarning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Fevral oyida Markaziy bank 3ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi. Yana 5ta bank va 1ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ogohlantirildi.
14-mart kuni bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qoldi. Regulyator prognoziga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning pasayishi importga bosimni yaratishi mumkin.