8-aprel kuni Click kompaniyasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida xayriya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida muhim tadbir — Inson Uchun yangi xayriya platformasi taqdimoti o‘tkazildi.
Loyihani Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Click kompaniyasi hamkorligida yaratish tashabbusi bildirilgan hamda Click kompaniyasi platformani ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmasiga olgan.
Tadbirda xayriya jamg‘armalari vakillari va manfaatdor tomonlar yig‘ilib, xayriyani rivojlantirishda birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi. Jamg‘arma vakillari o‘z faoliyati, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berib o‘tdilar.
Inson Uchun platformasi haqida
Inson Uchun — Click Up ilovasidagi yangi bo‘lim. Platforma xayriya qiluvchilar va xayriyaga muhtojlar o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Endilikda 15 mln Click foydalanuvchilari muhtojlarning kasallik tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega, ma’lumotlarning to‘g‘riligiga xayriya tashkilotlari ham, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ham kafolat beradi. Shuningdek, donorlar xayriya qilingan mablag‘lar qanday sarflanishi va shaffofligini kuzatishi mumkin bo‘ladi. Muhtojlarning ma’lumotlari profillar shaklida taqdim etiladi va u batafsil tavsif, kerakli mablag‘ miqdori, mablag‘lar nimaga sarflanishi, davolanish shakli, shuningdek, ayni paytda qancha mablag‘ to‘planganini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, platforma soxta kasallik holatlari uchun pul yig‘ish yoki firibgarlar tomonidan insonlarning qiyin vaziyatidan foydalanib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar orqali firibgarlik sxemalari bilan pul ishlash holatlarini kamaytirishga imkon beradi.
Platformada siz nafaqat xayr-ehson qilishingiz, balki yordam so‘rashingiz ham mumkin. Buning uchun siz ariza to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi. Onlayn ariza topshirish aholining turli guruhlari uchun xayriya fondlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
Platforma yaqinda ishga tushirilganiga qaramay, e’lon qilingan xayriyalarning 18 tasi allaqachon muvaffaqiyatli yopildi. Bir necha kunda 438 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘plandi. Foydalanuvchilar pul yig‘ishda faol ishtirok etmoqda va muhtojlarga yordam bermoqda. Click Up ilovasidagi “Xizmatlar” — “Xayriya” bo‘limiga o‘tib, siz ham o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin.
Jamg‘arma barcha taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, arizani ma’qullaganidan so‘ng maqsadli yordam ko‘rsatilishi mumkin.
Ayni paytda platforma “Mehrli qo‘llar” fondi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan, lekin yaqin kelajakda hamkorlar ro‘yxatini kengaytirib borish rejalashtirilgan.
“Ijtimoiy himoya milliy agentligining Inson Uchun loyihasidagi ishtiroki aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga intilishimizni ko‘rsatibgina qolmay, xayriya jarayonining shaffofligi va ishonch garovi bo‘lib ham xizmat qiladi. Biz donorlar va muhtojlar o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lishga intilamiz, qolaversa, har bir xayriya aynan donorlar tomonidan belgilangan tarzda maqsadli ishlatilishini ta’minlaymiz. Bu platforma yordamga chindan ham muhtojlarni topadigan yanada ochiq va halol jamiyat yaratish yo‘lidagi qadamimizdir”, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili.
Inson Uchun bu rahm-shafqat ko‘rsatish va ajratilgan yordam mablag‘lari manzilli yo‘naltirilishiga ishonch hosil qilish imkoniyatidir. Bu yengib bo‘lmas qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz qolishdan qo‘rqqanlar qalbida umid uchqunidir.
Reklama xuquqlari asosida.