Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.
DXX va IIB xodimlari bilan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda qonun buzilish holati fosh etildi.
Tumandagi “X.O.” MChJ mas’ul shaxslari ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblagichga qasddan shikast yetkazib, noqonuniy ravishda 177,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangan.
Buxoro viloyatining Vobkent tumanida “Buxorotumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bilan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A.ning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Fuqaro tovuqxona binosini umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga hech qanday hujjatsiz qayta ulab, tizimga 159,5 mln so‘mlik zarar yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
mart oyi boshida Samarqand va Andijonda 1 mlrd so‘mdan ortiq gaz va elektr energiyasi talon-taroj qilindi. Tadbirkorlar tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulanib, hech qanday hujjatlarsiz foydalanib kelishgan.
Avvalroq Andijonda 42 mlrd so‘mlik yo‘l loyihasini olib berishni va’da qilganlar ushlangandi. Qo‘lga olingan shaxslar yo‘l qurilishi sohasidagi korxona rahbarining ishonchiga kirib, loyihani olib berish evaziga undan 4,2 mlrd so‘m talab qilishgan.