Farg‘onada fuqaroning bank kartasidan pul o‘g‘irlagan firibgar ushlandi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Farg‘ona shahrida yashovchi 26 yoshli fuqaro A.S. ariza bilan murojaat qilib, “Telegram” orqali noma’lum shaxs bank kartasidagi 4,57 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Andijon viloyati, Andijon shahrida yashovchi 22 yoshli J.R. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan J.R. “Telegram” orqali jabrlanuvchi A.S. bilan tanishgan. U bilan ayollar kiyim-kechaklarini sotib berishga kelishib, oldindan 4 mln 570 ming so‘m pullarini bank kartasiga o‘tkazdirib olgan.
Undan keyin va’dasini bajarmasdan, yozishmalarni o‘chirib yuborganligi ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b, g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, J.R.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b, g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Avvalroq Toshkentda fuqaro kartasidan pul o‘g‘irlagan firibgarlar ushlangandi. Jinoyatni sodir etgan shaxslar fuqaro nomiga karta rasmiylashtirib, hisobidagi 61,5 mln so‘mini o‘zlashtirgan.
Bundan tashqarii, Toshkentda fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi. U Turkiya, Meksika va Nikaragua orqali Amerikaga yuborish evaziga $16 ming talab qilgan va $9 mingni olgan vaqtida ushlangan