So‘nggi paytlarda chet elga ishga ketish, xorijiy tashkilotlardan ish topish hamda xorijdagi mavjud ishlar haqida ishonchli va rasmiy ma’lumotlarni olish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.

Yaqinda mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘m kompensatsiya beriladi.

Xorijiy mamlakatlar va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova ishlab chiqiladi.

“Spot” chet elda qonuniy ishga joylashish bo‘yicha kelayotgan savollarga kerakli va muhim ma’lumotlarni bir joyga jamladi. Javoblar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Bobur Valiyev bergan intervyu asosida tayyorlandi.


Xorijda ishlamoqchiman. Nima qilishim kerak?

Buning uchun Tashqi migratsiya agentligiga uydan chiqmagan holatda onlayn (xorijdaish.uz), viloyatlardagi filiallar orqali oflayn shaklda va batafsil ma’lumot olish uchun call-markaziga — 71 202 33 55 va 1282 raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Qaysi davlatlarda ishlashim mumkin?

Sizda Germaniya, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya singari ko‘plab davlatlarda mehnat faoliyati olib borish imkoniyati bor. xorijdaish.uz platformasida bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlarni kuzatib borish mumkin. Masalan, hozirda Germaniyaga mehmonxona xizmatchisi va qadoqlovchilikka, Saudiya Arabistoniga hamshiralikka va Turkiyaga ham mehmonxona xizmatchisi bo‘yicha qabul davom etmoqda.

Bu davlatlar bugungi kunda 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga mutaxassislar jalb qilmoqda. Buyuk Britaniyaga 2022-yili qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 78 nafar fuqaro ishlash uchun yuborilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib 2000 nafardan ortiq o‘zbekistonliklar mehnat faoliyatiga jo‘natilgan.


Tushundim. Mendan qanday hujjatlar kerak?

Birinchi navbatda diplom va til bilish sertifikati so‘raladi. Quyida asosiy hujjatlar batafsil keltirilgan:
  • fuqarolik va xorijga chiqish pasportingiz;
  • ta’lim olganligingiz haqida hujjat;
  • sifatli rasm;
  • tarjimai holingiz;
  • til bilish darajangiz;
  • sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma.

Belgilangan yosh chegarasi ham mavjud. Shuningdek, bormoqchi bo‘layotgan mamlakatdan deport qilinmagan, jismonan va ruhan sog‘lom, hamda zararli odatlardan holi bo‘lish kerak. Unutmang, hujjatlar ish turi va kompaniya talablaridan kelib chiqib, turlicha bo‘lishi mumkin.

Xorijda ishlash uchun ariza jo‘natishda talab qilinadigan hujjatlar haqida batafsil havola orqali ma’lumot olishingiz mumkin.


Bu hujjatlarni qayerga, qanday topshiraman?

Barcha hujjatlarni yig‘ganingizdan so‘ng, ularni xorijdaish.uz sayti orqali topshirasiz. “Anketa to‘ldirish” tugmasini bosib shaxsiy hisob ochishingiz kerak. Ariza qoldirish uchun One ID ga ega bo‘lishingiz lozim.

Anketa oynasi ochilgach, u yerda sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz — ism-familiya, pasport seriya, jins, tug‘ilgan sana va mamlakat avtomatik tarzda shakllanadi. “Pasport ma’lumotlari” qismida boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘ladi, faqat xorijiy pasport seriyasi va raqamini kiritasiz

Keyingi qo‘shimcha ma’lumotlar qismida oilaviy holatingiz belgilanadi. Telefon raqami va elektron pochta avtomatik shakllanmagan bo‘lsa, ularni ham kiritishingiz kerak. “Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzili” bo‘limida so‘ralayotgan hudud, tuman, mahalla, ko‘cha va uy raqami qo‘shiladi. Navbatdagi “Ish tajribasi” bo‘limida oldin ishlagan tashkilotingiz nomi, lavozimingiz, ish boshlagan va yakunlagan muddatingizni kiritasiz. Agarda hali ham ishlayotgan bo‘lsangiz, “Hozirgi kunga qadar” tugmachasini bosib qo‘ying.

Undan keyin, ta’limga oid ma’lumotlar, tillarni bilish darajasini yozishingiz kerak. Shuningdek, qo‘shimcha shaklda haydovchilik tajribangiz va xobbilaringizni ham qo‘shishingiz mumkin.

“Spot"dan tavsiya: Xorijiy davlatlarda qonuniy ishlash uchun hujjatlarni qanday topshirish mumkin? Qo‘llanma


Yana savolim bor. Qayerga murojaat qilaman?

Ish haqida batafsil ma’lumotlarni va qo‘shimcha savollarga javoblarni 71 202 33 55, 71 200 00 61 hamda 1282 telefon raqamlari yoki xorijdaish.uz sayti orqali olishingiz mumkin. Shuningdek, Migratsiya agentligining “Telegram"-kanali hamda agentlik ofis-manzili orqali ham ma’lumotlar beriladi.


Avvalroq o‘zbekistonliklar Germaniyaga turizm va mehmonxona sohasiga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.