Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq “2512 Avtojamlanma” davlat unitar korxonasiga qarashli binolar majmuasini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Ko‘kcha darvoza” ko‘chasidagi 3,2 gektar yer uchastkasi 2023-yilning dekabrida sotuvga qo‘yilgan. Davaktiv agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 nafar talabgor mulkka qiziqish bildirgan.
Natijada, tender g‘olibi “Evro Tires Universal” bo‘ldi. U obyekt uchun eng yuqori narx — 105 mlrd so‘m taklif qildi.
Qayd etilishicha, taklif etilgan narx mustaqil baholash tashkiloti tomonidan baholangan lot qiymatidan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan. Xususiylashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi kelishuvni allaqachon ma’qullagan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Evro Tyres Universal” MChJ 2012-yilda tashkil etilgan va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning 99% ulushga ega asosiy ta’sischisi “Investment Group BMK” hisoblanadi, qolgan qismi Alseitov Djamshid Baxtiyarovichga tegishli.
O‘z navbatida, “Investment Group BMK” 183,6 mlrd so‘m ustav kapitali bilan 2022-yilda tashkil etilgan. Asosiy ta’sischisi — Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “Yardrock Development LP” (72,72%), shuningdek, 14,77%i Farrux Abdullayevga va 12,51%i “Mind Asia"ga tegishli.
Avvalroq “Perfectum” uyali aloqa operatori yangi egasiga o‘tgani haqida xabar berilgandi.