Farg‘onada jamoat transporti uchun 20ta “Isuzu” avtobuslari xarid qilindi. Bu haqda Transport matbout xizmati xabar berdi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shahar jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Hududda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar harakat tarkibini yangilash masalasiga e’tibor qaratilmoqda, deyiladi xabarda.
Xususan, “Bekavtoyo‘lovchitrans” tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan 20 dona Isuzu HC 45 rusumli avtobuslar xarid qilindi.
Mazkur avtobuslar tez orada Qo‘qon shahri avtobus yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Mart oyi oxirida prezidentning jamoat transportini moliyalashtirish tizimini yaxshilashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Endi jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi.
Avvalroq O‘zbekistondagi 300dan ortiq avtobus 2018-yildan buyon texnik sinovdan o‘tkazilmasdan yo‘lovchi tashib kelayotgani ma’lum bo‘lgandi.