Fevral oyi boshida prezidentning raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur joriy etilishi belgilandi.
Yagona portalda mazkur xizmatni amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Endilikda quyidagi tartibda subsidiyalar beriladi:
- bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda — BHMning 75 baravarigacha (25,5 mln so‘m);
- nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi ishga joylashganda — BHMning 105 baravarigacha (35,7 mln so‘m).
Bunda bir martalik subsidiyalar bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi “IT Park” rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga ajratiladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin. Arizalar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Buning uchun hech qanday to‘lovlar mavjud emas hamda hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Shuningdek, endilikda Yagona portal orqali yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlarni olish hamda o‘qish xarajatlari 60%gacha qoplab beriladi.
Agar nomzod ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa, mazkur xarajatlar 100% to‘liq qoplanadi.
Kerakli hujjatlar:
- xalqaro IT-sertifikat nusxasi (pdf shaklida);
- xarajatlarini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi nusxasi (pdf shaklida);
- pul o‘tkazib beriladigan milliy valyutadagi plastik kartaga oid ma’lumotlar.
Ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatini to‘liq qoplash bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsa ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajaga egaligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat nusxasini yuklaydi.
Shuningdek, nomzodlar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun o‘quv kursiga sarflagan xarajatlarni qoplash bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsa, o‘qiganligini va o‘quv kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini taqdim etishi kerak.
Xizmatdan havola orqali bepul foydalanish mumkin. Arizalar 28 kun davomida ko‘rib chiqiladi.
Mazkur xizmatdan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar foydalana oladi.
Agar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, arizada ota-ona yoki vasiyning ma’lumotlari ko‘rsatilishi kerak.
“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ni qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgandi.
“O‘zbekistonning IT-iste'dodlari” portalida keltirilishicha, shu kungacha jami 4303ta ariza topshirilgan bo‘lib, shundan 1650 nafar talabgorga kompensatsiya to‘lab berilgan.