Jahon banki “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari sharhi” nomli navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

Hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023-yilda 6%ga o‘sgani, 2024-yilda prognoz qilinayotgan YaIM o‘sishi 5,3%ni tashkil etishi qayd etilgan.

Joriy yilda mamlakat Tojikiston (6,5%), Armaniston (5,5%), Gruziya (5,2%) va Qirg‘iziston (4,5%) bilan bir qatorda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar beshligidan joy olishi kutilmoqda.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, YaIM o‘sishiga kutilayotgan fiskal konsolidatsiya choralari hamda mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga eksport o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, bunga davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirishga yirik sarmoyalar kiritish ta’sir ko‘rsatadi.

Energetika sohasida tariflarni isloh qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ichki energiya bozorida narxlarning nisbatan keskin oshishi hisobiga 2024-yilda inflyatsiyaning oshishi kutilmoqda.

Bu to‘laqonli inflyatsion targetlashga o‘tishni yakunlayotgan O‘zbekiston Markaziy bankining (MB) qat’iy pul-kredit siyosati bilan qisman qoplanadi.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya 8%gacha sekinlashishi kutilmoqda, bu esa Markaziy bankning 5%lik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori.

2024-yilda import o‘sishi sur’atlari mo‘tadil bo‘lishi kutilmoqda. Biroq ayrim tovarlar importi iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aholining o‘sib borayotgan iste’molini qondirish uchun foydalanilishini hisobga olsak, import o‘sishi sur’ati barqaror bo‘lib qoladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda pul o‘tkazmalari hajmi asosan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari sonining qisqarishi kutilayotgani hisobiga kamayadi.

Pul o‘tkazmalarining kamayishi va importning ko‘payishi bilan joriy hisob taqchilligi biroz oshadi, lekin barqaror bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish jarayoni xorijiy moliyalashtirishni jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar joriy hisob taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.

2024-yilda kambag‘allik darajasi 4,3% gacha qisqarishi kutilmoqda (daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlar uchun 2017-yil narxlaridagi xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra kuniga $3,65 miqdoridag xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha baholanadi).

2024-yilda budjet taqchilligi YaIMning 4,2%igacha, 2026-yilda esa 3%igacha kamayishi kutilmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlarga yirik energetika subsidiyalarini va davlat korxonalarini rag‘batlantirish bo‘yicha samarasiz chora-tadbirlarni bekor qilish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishda davom etish orqali budjet daromadlarini ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” Jahon banki O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha o‘rta muddatli prognozni yomonlashtirgani haqida yozgandi.

Xitoyda o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va Rossiyadan pul o‘tkazmalarining qisqarishi Markaziy Osiyoga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.