Shahzod Bahodirov 1997-yil 12-dekabrda Buxoroning G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. “Thompson school” nodavlat ta’lim muassasasi asoschisi va direktori ta’limdagi tadbirkorlik faoliyatini 2018-yilda boshlagan. Bugungi kunga qadar u “Thompson school” o‘quv markazining 12ta, “Thompson” xususiy maktabining 2ta va “Thompson Land” xususiy bog‘chasining 3ta filialini yo‘lga qo‘ygan.

Shahzodning yoshligidan kitobga mehr qo‘yishiga tog‘asi sababchi bo‘lgan — maktabda o‘qib yurgan paytlarida poytaxtdan turli xil ensiklopediyalar, hayvonot olamiga oid kitoblar yuborgan. Shu sababdan, uyida doimo qiziqarli kitoblar ko‘p bo‘lgan. Otasi ham kitob sotib olishga doimo yordam bergan.

Yosh tadbirkor bugungi kunda detektiv, badiiy asarlardan tortib, boshqa ko‘plab janrlardagi kitoblarni o‘qib turadi. So‘nggi paytlarda, biznes va shaxsiy rivojlanish mavzusidagi asarlarni mutolaa qilmoqda.

“Bugungi kunda insonlar investitsiyalarning ko‘plab turlarini bilishadi. Men uchun eng yaxshi sarmoya bu kitob o‘qishdir. Vaqt evaziga tikiladigan bu sarmoya hech qachon sizga zarar keltirmaydi” — deydi u.

Bahodirov har kuni 20−30 daqiqa vaqtini o‘z sohasiga oid kitoblarni o‘qishga ajratadi. Oldiga yillik maqsad qo‘yib, shu vaqt oralig‘ida taxminan 30−36ta kitob o‘qiydi.


“Vaqtingizni o‘zlashtiring, hayotingizni boshqaring”, Brayan Treysi

Ushbu kitob bugungi band va chalg‘ituvchi narsalar bilan to‘lgan hayotimizga balans ulashadi. Vaqt sarfining eng kerakli 10 bo‘limga tartib bilan belgilanishiga, hayotda to‘g‘ri maqsad qo‘yishdan tortib, ruhiyat sokinligigacha vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda yordam beradi.

Kitob ikki qismga bo‘lingan: birinchisi vaqtni boshqarish usullariga, ikkinchisi esa shaxsiy rivojlanishga qaratilgan. Birinchi qismida kun tartibini tuzish, ustuvorliklarni belgilash va vaqtni behuda sarflashning oldini olish kabi amaliy maslahatlar berilgan. Muallif, shuningdek, kechiktirishni yengish va diqqatni jamlashni yaxshilash usullarini taqdim etadi.

Kitobning ikkinchi qismi shaxsiy rivojlanishga qaratilgan bo‘lib, muallif ijobiy va g‘alabali fikrlashni rivojlantirish strategiyalarini bergan. U aniq va erishilishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni qo‘yish, o‘ziga ishonch va o‘z-o‘zini tarbiyalash, shubha va salbiy fikrlashni yengish muhimligini ta’kidlaydi.

Agarda siz ishlayotgan joyingizda ko‘p vaqt o‘tkazayotganingizga qaramay samaradorlik darajasi past bo‘lsa, hali ham natijalarda emas jarayonlarda gapirsangiz hamda oila va ish balansini yo‘qotgan bo‘lsangiz ushbu kitobni aynan sizga tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Mukammal rahbar”, Isxak Kalderon Adizes

Mukammal boshqaruvchi kim o‘zi va u haqiqatdan ham mavjudmi? Kompaniyamiz kattalashib borar ekan, undagi e’tibor qilinishi kerakli nuqta bu menejment! Tartibli boshqaruvsiz katta natijalar orzuligicha qolaveradi. Ushbu kitob menejmentga bo‘lgan odatiy qarashlarni o‘zgartiradi, rivojlantiradi va amalda tatbiq etishni osonlashtiradi.

Adizesning fikricha, har qanday tashkilot menejmenti to‘rtta funksiyani bajarishi kerak: ishlab chiqarish, ma’muriyat, tadbirkorlik va integratsiya. Ularni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish uchun rahbar ko‘pgina, ba’zan bir-birini istisno qiladigan fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. U “menejment — bu bir kishi uddalay olishi uchun juda murakkab jarayon”, degan xulosaga keladi.

Mazkur kitobda muallif: kompaniya samaradorligi uchun bir-birini to‘ldiruvchi boshqaruv uslublariga ega menejerlarni tanlash tamoyili, ular sifatli qarorlar qabul qilishda hatto ziddiyatlardan foydalanishlari uchun aloqani qanday qurishlari kerak, degan ko‘plab savollarga javob beradi.

Boshqaruv sohasida ta’lim olayotgan, ishlayotgan va o‘z biznesida haqiqiy lider bo‘lish ishtiyoqidagi har bir inson o‘qishi shart bo‘lgan kitoblardan biri deb bilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Bir varaqli marketing reja”, Allan Dib

Ba’zida tadbirkorlar biznesining eng e’tiborga muhtoj joyini yo e’tiborsiz qoldiradi yoki me’yoridan ortiq e’tibor bilan unga zarar yetkazadi. Ushbu nuqta nomi marketing bo‘lib, unga diqqatli bo‘lish kompaniya taqdiri uchun muhim hisoblanadi. Bunga to‘g‘ri yondashuvda esa kitob qo‘llanma vazifasini bajara oladi.

Tadbirkor va marketolog Allan Dib marketing rejasini qanday qilib oson va tez bitkazishni o‘rgatadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, murakkab marketing rejani tuzib, boshlovchidan soha ustasiga aylanishga yordam beradi.

Marketing sohasiga qiziqadigan va biznesida ushbu bo‘limni rivojlantirishga harakat qilayotgan har bir inson uchun tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Qanday qilib do‘st orttirish va odamlarga ta’sir qilish mumkin?”, Deyl Karnegi

Jamiyatda iz qoldirish uchun o‘z yo‘lini topishda insonga eng kerakli omillardan biri atrofdagilar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnata olish qobiliyatidir. Garchand aqlli va qobiliyatli bo‘la turib, boshqalar bilan aloqa o‘rnatishda zaif bo‘lsa muvaffaqiyatga erishish ham ortga surilib boraveradi.

Deyl Karnegi ushbu munosabatlarga alohida e’tibor qaratib, insonlar o‘zaro muomala madaniyati, o‘zini tutish va boshqalarni hurmat qilish kabilar orqali obro‘-e'tibor topishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shuningdek, omma oldida so‘zlashda tinglovchini qiziqtirish, yaxshi ma’ruza o‘qish va boshqa mavzularda ham qimmatli maslahatlar bilan bo‘lishadi.

Ba’zida bu asarga nisbatan undagi davrlar hozir yo‘q, reallikka yaqin emas, degan tariflar berishadi. Lekin mening fikrimcha ushbu kitob hech qachon “outdated”, ya’ni eskirganlar qatoriga kirib qolmaydi.

Umuman olganda, kitobni muomala san’atini yuqori pallada o‘rganib bunda muvaffaqiyatga erishaman, degan har bir inson uchun tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Men. Bas qil, ey nafs”, Fotih Duman

Har bir inson dunyoga kelibdiki, unda u doimo kurashib yuradigan bir his — nafs bor. Bu kitob har birimizni birozgina o‘ylantirib, qayerda ekanligimizga bir nazar solishga majbur qiladi. Voqealarni so‘zlarda o‘qir ekansiz beixtiyor ularni ko‘z oldingizdan o‘tkazasiz.

Asar insoniy qarashlarni yaxshilikka yo‘naltirib, jamiyatda kuchli shaxsiyat qiyofasini yaratishda yordam beradi. Kitobning 230−231-betlarida yozilgan she’r meni kuchli tafakkur qilishga majbur qilgan.

“Instagram” va shunga o‘xshash ijtimoiy tarmoqlarda foydasiz kontentlardan charchagan va ruhiyat sokinligini his qilishni istagan barchaga tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school