Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi ijtimoiy tarmoqlarda yangi soxta xabar haqida ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, firibgarlar Alisher Usmonov nomidan “Instagram"da, shuningdek, “Telegram” guruhlari va kanallari orqali soxta ma’lumot tarqatishdi.

Ular tomonidan foydalanuvchilarga “firibgar broker” tomonidan o‘g‘irlangan pullarni qaytarish va’da qilingan.

“Buni milliarder Alisher Usmonovning „dasturi“ yordamida amalga oshirish taklif qilinmoqda. Uning fotosuratiga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilgan va audioyozuvlar soxtalashtirilgan”, deya qayd etdi markaz.

Bunday xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydi, deya ta’kidladi Kiberxavfsizlik markazi.

Fuqarolar bu kabi yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka hamda virtual firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirildi.


Avvalroq Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik holatlari haqida ogohlantirish bilan chiqgandi.

Firibgarlar tomonidan Markaziy bank xodimi sifatida fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilish va bank kartasidagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari kuzatilmoqda.

Regulyator fuqarolarni soxta qo‘ng‘iroqlar, “Telegram” kanallardagi xabarlar hamda foydalanuvchilarga ishonib qolmaslikka chaqirmoqda